O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida konsullik sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilindi

Avgust 03, 2026. 18:50 • 2 daq

13
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida konsullik sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilindi
“Dunyo” AA olgan surat

TOSHKENT, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkentda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konsullik masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarning to‘rtinchi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev hamda Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Lim Sang Vu boshchilik qildi.

Muzokaralar davomida tomonlar konsullik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalarini batafsil muhokama qildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi fuqarolarining har ikki davlat hududidagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Maslahatlashuvlarning alohida yo‘nalishlaridan biri mobillik va migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar tashkillashtirilgan va xavfsiz mehnat mobilligi mexanizmlarini takomillashtirish, migratsiyaning qonuniy yo‘llarini kengaytirish, noqonuniy migratsiya darajasini kamaytirishga qaratilgan qo‘shma choralarni amalga oshirish, shuningdek, Koreya Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar uchun munosib yashash va mehnat sharoitlari hamda ishlab chiqarishdagi mehnat xavfsizligini taʼminlash masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat konsullik xizmatlari o‘rtasidagi muntazam muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirish, mazkur yo‘nalishdagi shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish, shuningdek, ushbu maslahatlashuvlar mexanizmini yana-da faollashtirishga kelishib olindi. 

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish