O‘zbekiston Prezidenti raisligida ijtimoiy himoya tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Avgust 03, 2026. 18:20 • 5 daq
• 50
TOSHKENT, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ehtiyojmand fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va sohaga nodavlat sektorni jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yilda ijtimoiy xizmatlar soni 23 tadan 140 taga yetdi. Har yili o‘rtacha 4,6 millionta, jumladan, mahalla darajasida qariyb 2 millionta ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan 168 mingdan ortiq bola bor. Ularning 133,8 ming nafari taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Yana 34,6 ming nafar bolani taʼlimga jalb etish zarur.
Buning uchun ijtimoiy xodimlar ishtirokida “oilabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir bolaning ehtiyojlari erta bosqichda va kompleks baholanib, unga mos taʼlim muhiti hamda zarur xizmatlar belgilanadi. Yangi baholash mexanizmi 2026-yil 1-oktyabrdan Xorazm va Navoiy viloyatlarida tajriba tariqasida joriy etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan maxsus maktablarda taʼlim bolaning ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va o‘zlashtirish darajasidan kelib chiqib tuziladigan individual rejalar asosida tashkil etiladi. Ko‘zi ojiz pedagoglarga, shuningdek, maxsus maktablarning boshlang‘ich sinflariga shaxsiy assistent va yordamchi xodimlar ajratiladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning uyiga yaqin joyda taʼlim olishiga sharoit yaratish maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi. Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhitni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.
2027-yildan bolalarni matnni o‘qish qurilmalari, ovoz sintezatorlari, Brayl displeylari va boshqa assistiv jihozlar bilan vaucher asosida taʼminlash taklif etildi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa nogironligi bo‘lgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt, Brayl alifbosi, surdotarjimon, assistent va boshqa zarur sharoitlar yaratiladi.
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan. Hozir respublikada jami 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularga 1,1 ming nafar shaxs joylashtirilgan.
Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga o‘z murojaati asosida, “mahalla yettiligi”ning o‘rganish natijalariga ko‘ra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori ko‘magida joylashtiriladi. Ularning har biri uchun individual reja ishlab chiqilib, hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirish choralari belgilanadi.
Markazlarda bandlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari tashkil etilib, tadbirkorlarga bo‘sh joylar imtiyozli shartlarda ijaraga beriladi. Boshpanasiz shaxslarga kasbga o‘qish uchun vaucher ajratish, ularni ijtimoiy ehtiyojmand toifalar qatoriga kiritish va ular uchun ish o‘rinlarini zaxiralash nazarda tutilmoqda. Nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish orqali vaqtinchalik boshpana, issiq ovqat va kiyim-bosh bilan taʼminlash qamrovi kengaytiriladi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
2026-yil 1-sentyabrdan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning holatini baholash va tegishli xizmatlarga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari etib qayta nomlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi hududiy markazlarda odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish hamda ularga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 40 ta o‘rin yaratiladi.
Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shug‘ullanish huquqini cheklash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.
Imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda 1941-1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan 48,4 mingdan ziyod fuqaro bunday imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. 2025-yilda ular transport xizmatlaridan 1,7 million marta foydalangan.
Yangi tartibga ko‘ra, 11 toifadagi fuqarolarga havo, temir yo‘l va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma beriladi. Qog‘oz talonlar bekor qilinib, chipta xarid qilish uchun ID-karta yoki biometrik pasportni taqdim etish kifoya qiladi. Imtiyoz huquqi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali tekshiriladi.
2027-yil 1-yanvardan imtiyozli avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini “Baraka” ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yo‘lga qo‘yish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi