“The New York Times”: O‘zbekiston sayyohlar orasida ommalashib, Markaziy Osiyodagi yetakchi turistik yo‘nalishga aylanmoqda
Iyun 18, 2026. 08:10 • 3 daq
• 238
NYU-YORK, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. AQShning mashhur “The New York Times” gazetasida xorijiy sayyohlar orasida O‘zbekistonning jozibadorligi tobora ortib borayotganiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston o‘zi haqidagi shov-shuvlarni oqlayaptimi? Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” sarlavhali ushbu maqola taniqli jurnalist va fotograf Gabe Kastro-Rutning yurtimiz bo‘ylab amalga oshirgan to‘qqiz kunlik sayohati yakunlari asosida tayyorlangan.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston boy madaniy meros, hamyonbop narxlar, yuqori xavfsizlik darajasi va haqiqiy autentik taassurotlar uyg‘unligi tufayli yosh sayohatchilar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Muallif fikricha, respublika Markaziy Osiyo mintaqasiga bo‘lgan global qiziqishdan eng samarali va muvaffaqiyatli foydalanayotgan davlat hisoblanadi.
Amerika nashri so‘nggi yillarda sohani rivojlantirishga qaratilgan tizimli islohotlarga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, viza tartibining liberallashtirilgani, mamlakatning xalqaro media va blogerlar orqali faol targ‘ib qilinayotgani, yirik madaniy tadbirlarning o‘tkazilishi hamda mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani yuqori baholangan.
Ushbu chora-tadbirlarning amaliy natijasi sifatida xorijiy sayyohlar oqimi 2019-yildagi 6,7 million nafardan 2025-yil yakuniga ko‘ra rekord darajadagi 11,7 million nafarga yetgani qayd etilgan. Shu davrda amerikalik sayyohlar soni ikki barobardan ziyod ko‘payib, 37 ming nafardan oshgan.
Maqolaning katta qismi yurtimizning tarixiy va madaniy obidalariga bag‘ishlangan. Muallif Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, poytaxt metropoliteni va “Chorsu” bozorini alohida e’tirof etgan. Samarqand shahri Registon ansambli, Shohi Zinda majmuasi va “Gumbaz” sinagogasi misolida boy me’morchilik va diniy bag‘rikenglik merosi sifatida taqdim etilgan.
Buxoroda esa Labi Hovuz ansambli, gilam to‘qish an’analari va tarixiy “Bozori Kord” hammomi qalamga olingan. Xiva shahri YUNYESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan-qal’a majmuasi bilan ochiq osmon ostidagi betakror muzey sifatida ta’riflangan.
O‘zbekona mehmondo‘stlik maqolaning bosh g‘oyasi sifatida gavdalanadi. Muallif mahalliy aholining xorijiy mehmonlarga bo‘lgan samimiy va xayrixoh munosabatidan misollar keltirib, aynan ushbu insoniy omil O‘zbekiston bo‘ylab sayohatni unutilmas va qadrli qiladi, deya alohida ta’kidlaydi.
“The New York Times”da O‘zbekiston boy madaniy meros va yuqori turistik salohiyatga ega bo‘lgan zamonaviy, xavfsiz va mehmondo‘st davlat sifatida tasvirlangan. Mazkur maqola mamlakatimizni Markaziy Osiyoning yetakchi turistik markazi sifatida keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi