“Tatar-inform” AA: Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning yangi madaniy ramziga aylanmoqda
Iyun 30, 2026. 08:55 • 2 daq
• 123
QOZON, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Tatar-inform” axborot agentligida “O‘zbekistonga sayohat qiling: Islom sivilizatsiyasi markazi – dunyodagi eng go‘zal muzeylardan biri” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning eng yirik ma’rifiy va madaniy loyihalaridan biri hisoblanadi. U mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgani hamda milliy madaniy merosni asrab-avaylash va dunyo hamjamiyatiga keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi qayd etilgan.
Maqolada markazning me’moriy qiyofasi, zamonaviy muzey yechimlari hamda boy ekspozitsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Unda islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy eksponatlar va interaktiv ko‘rgazmalar jamlangani ta’kidlangan.
Muallifning yozishicha, markaz nafaqat muzey, balki ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy va xalqaro muloqot maydoni sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. U turli mamlakatlar olimlari, tadqiqotchilari va sayyohlari uchun ochiq bilim va madaniy almashinuv markaziga aylanishi kutilmoqda.
Materialda Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati O‘zbekistonning xalqaro turistik jozibadorligini oshirish, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilish hamda ziyorat va madaniy turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi haqida so‘z yuritilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi