Markaziy Osiyo jahon hamjamiyati tomonidan jadal rivojlanish va samarali hamkorlik makoni sifatida e’tirof etilmoqda

Iyun 30, 2026. 08:10 • 8 daq

5
Markaziy Osiyo jahon hamjamiyati tomonidan jadal rivojlanish va samarali hamkorlik makoni sifatida e’tirof etilmoqda

TOSHKENT, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov “Dunyo” AAga BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” rezolyutsiyasi konsensus bilan qabul qilingani haqida fikr bildirdi:

– 2026-yil 20-may kuni BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” rezolyutsiyasi konsensus bilan ma’qullandi.

Ushbu hujjatni qabul qilish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi umumsiyosiy munozaralar chog‘ida ilgari surilgan edi.

Rezolyutsiya so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan chuqur o‘zgarishlarning xalqaro e’tirofini mustahkamladi. Yaqindagina murakkab ziddiyatlar va o‘zaro ishonchsizlik makoni sifatida qabul qilingan mintaqa bugungi kunda muloqot, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikda rivojlanish hududi sifatida tobora ishonch bilan qaror topmoqda.

Hujjatning xalqaro keskinlik saqlanib qolayotgan sharoitda qabul qilingani muhim ahamiyatga ega. Jahon hamjamiyati Markaziy Osiyoda hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash siyosatini qo‘llab-quvvatlashda yakdillik ko‘rsatdi.

Rezolyutsiyaga dunyoning barcha mintaqalaridagi 66 ta davlat, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Braziliya, Turkiya, Ozarbayjon, Indoneziya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar hammualliflik qildi.

Hujjatning ahamiyatini uning rasmiy qabul qilinishidan kengroq qarash lozim. U Markaziy Osiyoning yangi siyosiy voqeligini aks ettiradi va bir vaqtning o‘zida uning keyingi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi.

2010-yillarning boshlarida Markaziy Osiyo hal etilmagan chegara masalalari, suv resurslari uchun raqobat va o‘zaro ishonch yetishmasligi tufayli bo‘lingan tarqoq davlatlar to‘plami sifatida qabul qilingan. Mintaqaviy kun tartibi deyarli yo‘q edi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barqaror, farovon va o‘zaro bog‘liq Markaziy Osiyoni shakllantirishni mamlakat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan 2016-yil burilish nuqtasi bo‘ldi. Ushbu tashabbus keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlarning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning barcha qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari strategik sheriklik, Qozog‘iston va Tojikiston bilan esa ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Ishonch izchil tiklanib bordi, busiz mintaqaviy integratsiyani amalga oshirib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, mintaqalararo savdo, chegaraoldi va tarmoqlararo hamkorlik faol rivojlandi, sayyohlik va madaniy-gumanitar aloqalar kengaydi. Yaratilgan mintaqaviy mexanizmlar iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini ochib, Markaziy Osiyo salohiyatini amaliy maydonga o‘tkazish imkonini berdi.

Sanoat, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar iqtisodiyotlarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytiradi va umumiy mintaqaviy bozorni shakllantirish uchun zamin yaratadi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yilda mintaqaviy muloqotning yangi mexanizmi – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida ular umumiy yondashuvlarni muvofiqlashtirish va mintaqaning kelajagiga jamoaviy qarashni shakllantirish uchun asosiy maydonga aylandi.

O‘shandan beri Ostona, Toshkent, Avaz, Cho‘lponota, Dushanbe, yana Ostona va 2025-yil noyabr oyida Toshkentda yettita sammit bo‘lib o‘tdi. Har bir uchrashuv siyosiy ishonch va amaliy hamkorlikning yangi darajasini qayd etdi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy yaqinlashuv yo‘lining ortga qaytmasligini tasdiqladi va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

Yetakchilar mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plamini qabul qildi, Qirg‘izistonning BMT Xavfsizlik Kengashiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi, Ozarbayjonning uchrashuvlar formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishini tasdiqladi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, energetika va suv xavfsizligini ta’minlash, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olindi. Shu tariqa, Markaziy Osiyo ishonchni tiklash bosqichidan mintaqaviy sheriklikning uzoq muddatli modelini shakllantirishga o‘tdi.

Mintaqa mamlakatlari tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga xizmat qiladigan yaqin siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Aynan ushbu taraqqiyot BMT Bosh Assambleyasi tomonidan yuqori baholanib, qabul qilingan rezolyutsiyaga asos bo‘ldi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo ishonch, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan ijobiy regionalizmning zamonaviy xalqaro amaliyotda kam uchraydigan namunasini namoyon etmoqda.

Global beqarorlik kuchayib borayotgan bir sharoitda mintaqa davlatlari hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayanmoqda. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya aynan shu yangi siyosiy voqelikni institutsional jihatdan mustahkamlaydi.

Hujjat o‘zining izchilligi va strategik yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Uning muqaddimasi BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha avvalroq qabul qilingan rezolyutsiyalariga tayanib, mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashning xalqaro-huquqiy asosini shakllantiradi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikning muhim mexanizmi sifatida e’tirof etilishi prinsipial ahamiyatga egadir. Shu bilan BMT ushbu formatning ishonchni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashning samarali vositasi sifatidagi xalqaro legitimligi va zarurligini ifodalaydi.

Rezolyutsiyada iqtisodiy integratsiya va o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan. Unda odamlar, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi yagona hamkorlik makonini shakllantirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishning asosi ekani ta’kidlanadi.

Sanoat kooperatsiyasi va kichik hamda o‘rta korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash alohida e’tiborga loyiqdir. Bu jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar sharoitida ayniqsa muhim. Aynan biznes darajasida barqaror iqtisodiy aloqalar shakllanadi, qo‘shma ishlab chiqarishlar tashkil etiladi, texnologiyalar transferi ta’minlanadi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Markaziy Osiyoning Yevroosiyodagi transport-logistika o‘zaro bog‘liqligining asosiy bo‘g‘ini sifatidagi o‘rni tobora ortib borayotgani mintaqaviy integratsiyaga alohida dolzarblik bag‘ishlamoqda. Xalqaro transport yo‘laklarining rivojlanishi mintaqaning global ta’minot zanjirlaridagi ahamiyatini kuchaytiradi va davlatlar o‘rtasida yanada muvofiqlashtirish zaruratini oshiradi.

BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamg‘armalar va dasturlarni o‘z faoliyatini Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zlari belgilaydigan ustuvorliklarga muvofiq yo‘lga qo‘yishga da’vat etish rezolyutsiyaning muhim qoidasi bo‘ldi. Shu bilan xalqaro ko‘mak milliy va mintaqaviy rivojlanish strategiyalarini to‘ldirishi kerak degan tamoyil tasdiqlanadi.

Hujjatda preventiv diplomatiyaning ahamiyati hamda BMTning Ashxoboddagi Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining mojarolarning oldini olish va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashning muhim mexanizmi sifatidagi o‘rni ta’kidlanadi.

BMT Bosh Assambleyasi amaliyotida rezolyutsiyalarning konsensus asosida qabul qilinishi xalqaro qo‘llab-quvvatlash darajasining yuqoriligidan dalolat beradi. Mazkur holatda bu jahon hamjamiyatining Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlarga nisbatan ishonchi ortib borayotganini aks ettiradi.

Xalqaro tizimning parchalanishi davom etayotgan, geosiyosiy ziddiyatlar esa jamoaviy yechimlarni ishlab chiqishni tobora qiyinlashtirayotgan sharoitda konsensusga erishilgani alohida ahamiyat kasb etadi. Hujjatning turli tashqi siyosiy yondashuvlarga ega davlatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanishi unda mustahkamlangan tamoyillarning universal xususiyatini tasdiqlaydi.

Hammualliflar doirasining kengligi ham mintaqa davlatlari, avvalo, O‘zbekistonning keng ko‘lamli diplomatik sa’y-harakatlari natijasi bo‘ldi. BMT amaliyotida hammualliflik nafaqat siyosiy qo‘llab-quvvatlashni, balki ilgari surilgan tashabbusni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashishga tayyorlikni ham anglatadi.

Qabul qilingan rezolyutsiya Markaziy Osiyoning BMT bilan o‘zaro munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini aks ettiradi. So‘nggi yillarda mintaqa shunchaki xalqaro ko‘mak obyekti bo‘lishdan chiqib, global kun tartibini shakllantirishning mustaqil ishtirokchisi sifatida faol namoyon bo‘lmoqda.

2018–2026-yillar oralig‘ida BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan, jumladan, barqaror rivojlanish, ekologiya, turizm, giyohvand moddalarga qarshi kurash, preventiv diplomatiya va sun’iy intellekt masalalarini qamrab olgan o‘nga yaqin rezolyutsiyani qabul qilgani diqqatga sazovordir. Ularning har biri mintaqa davlatlarining zamonaviy global chaqiriqlarga birgalikda javob topishga intilayotganini ko‘rsatadi.

BMT tizimi bilan o‘zaro hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratuvchi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi yangi rezolyutsiyaning qoidasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu bilan tashkilotning Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan munosabatlarning yangi xususiyati tasdiqlanmoqda.

Qabul qilingan rezolyutsiyani faqat erishilgan natijalarning tasdig‘i deb bilish xato bo‘lardi. Hujjat, avvalo, kelajakka yo‘naltirilgan: u siyosiy mo‘ljallarni mustahkamlaydi va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun zamin yaratadi.

Rezolyutsiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. BMT tizimi uchun esa u faoliyatni mintaqa mamlakatlarining o‘zlari belgilagan ustuvorliklarga muvofiq yo‘lga qo‘yishda dasturilamal bo‘ladi. Hujjat xalqaro hamkorlarga Markaziy Osiyo investitsiyalar va qo‘shma tashabbuslar uchun ochiq bo‘lgan barqaror hamkorlik makoni ekani haqida aniq ishora beradi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan transformatsiya mintaqadan ancha yiroqda ham e’tiborga sazovordir. Yaqin-yaqingacha surunkali beqarorlik hududi sifatida qabul qilingan makonda yetakchilarning siyosiy irodasi, inklyuziv muloqot, o‘zaro maqbul yechimlarni izlash va uzoq muddatli sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishga asoslangan yangi turdagi mintaqaviy hamkorlik modeli shakllanmoqda.

Markaziy Osiyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto chegara muammolari va suv resurslaridan foydalanish kabi eng murakkab masalalar ham muzokaralar, o‘zaro hurmat va siyosiy murosaga kelish yo‘li bilan hal etilishi mumkin. Aynan shuning uchun ham mintaqa xalqaro hamjamiyatda mintaqaviy hamjihatlik barqaror rivojlanish va xalqaro barqarorlik omili bo‘la olishiga yorqin misol sifatida tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.

Umuman olganda, 2026-yil 20-mayda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiya to‘g‘risidagi rezolyutsiya mintaqadagi yangi siyosiy voqelikning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent sammitida ta’kidlaganidek, “Bugun Markaziy Osiyo – bu barqaror yuksalish va farovonlik uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot hamda samarali hamkorlik makonidir”.

Rezolyutsiyaning tarixiy ahamiyati shundaki, u Markaziy Osiyoning yangi xalqaro qiyofasini – ishonch, o‘zaro anglashuv va bunyodkor hamkorlik mintaqasi sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish