“Diplomacy Journal”: O‘zbekiston va AQSh transport-logistika yo‘nalishida sheriklikni kengaytirmoqda
Avgust 12, 2026. 14:37 • 2 daq
• 145
SEUL, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Diplomacy Journal” jurnalida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ikki davlat o‘rtasida aviatsiya, transport infratuzilmasi, raqamli texnologiyalar, moliya va xalqaro transport koridorlari sohalarida hamkorlik izchil kengayib borayotgani qayd etilgan. Bu jarayon 2025-yil sentyabr oyida AQSh kompaniyalari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida qiymati 100 milliard dollardan ortiq bo‘lgan loyihalar portfeli shakllangani bilan ham izohlangan.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida aviatsiya sohasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, “Uzbekistan Airways” tomonidan “Boeing” kompaniyasidan 22 ta “Boeing 787-9 Dreamliner” samolyotiga buyurtma berilgani, Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilayotgani mamlakatning yo‘lovchi va yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirishi taʼkidlangan.
Materialda savdo jarayonlarini soddalashtirish va logistika xarajatlarini kamaytirish masalalari ham tilga olingan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi bojxona va savdo tartib-taomillarini yengillashtirish, xalqaro logistika samaradorligini oshirish uchun muhim omil sifatida baholangan.
Bu jarayon ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning o‘sishi bilan ham uyg‘unlashmoqda. Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-yildagi 882 million dollardan 2025-yilda 1 milliard dollardan oshgan. Mamlakatda ayni paytda 340 ga yaqin AQSh kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.
Maqolada ikki tomonlama hamkorlik hamda mintaqaviy transport aloqalarini rivojlantirishga ham eʼtibor qaratilgan. Jumladan, “C5+1” formati doirasidagi sheriklik Markaziy Osiyo transport koridorlarini rivojlantirish va mintaqaning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani va 2030-yilga qadar ushbu maqsadlarga 12 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi