“El Mundo”: O‘zbekistonda tezyurar poyezdlar parkiga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng yirik shartnoma imzolandi
Yanvar 07, 2026. 09:00 • 2 daq
• 259
MADRID, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning ommabop “El Mundo” nashrida “Talgo kompaniyasi O‘zbekistondagi tezyurar poyezdlar parkiga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng yirik shartnomani imzoladi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Talgo kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyati 2009 yilda boshlangan. O‘shanda 2 ta to‘qqiz vagonli “Talgo 250” poyezdi xarid qilingan va ular 2011-yilda foydalanishga topshirilgan edi”, – deb yozadi muallif.
Talgo kompaniyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hozirda mamlakatda foydalanilayotgan 6 ta “Talgo 250” poyezdiga o‘n yil davomida kompleks texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qiymati qariyb 80 million yevroga teng shartnomani imzolagan.
Nashrda qayd etilishicha, ushbu shartnoma turli kelishuvlar doirasidagi 15 yildan ortiq davom etgan hamkorlik natijasida imzolandi va Talgo kompaniyasining O‘zbekistondagi texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng yirik bitimiga aylandi.
“Talgo 250” poyezdlarining maksimal tijoriy tezligi soatiga 230 kilometrni tashkil etadi. Vaholanki, ularning loyihaviy tezligi soatiga 275 kmga teng. 2011-yilda qo‘shimcha 2 ta o‘n bir vagonli tarkibni yetkazib berish bo‘yicha ikkinchi shartnoma imzolangan bo‘lib, ular 2017-yildan buyon ekspluatatsiya qilinmoqda.
2019-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘z parkini har biri o‘n bir vagondan iborat yana 2 ta “Talgo 250” poyezdi, 4 ta qo‘shimcha vagon bilan kengaytirdi. Natijada, birinchi shartnoma bo‘yicha yetkazib berilgan 2 ta poyezdning vagonlar soni o‘n bittaga yetkazildi va ular 2021-yilda harakatlanishni boshladi.
“O‘zbekistonda “Talgo 250” poyezdlari Ispaniyada “Alvia” kompaniyasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan 130 va 730 rusumli poyezdlarga o‘xshash sxema bo‘yicha ishlatiladi. Ular kuzovning tabiiy og‘ish texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, bu vagonlarning og‘ishi hisobiga yo‘lning burilish qismlarida tezlikni oshirish imkonini beradi. Ispaniya modellaridan farqli o‘laroq, O‘zbekistondagi poyezdlar uchun g‘ildirak juftliklarining kengligini o‘zgartirish talab etilmaydi. Chunki ular 1520 millimetr kenglikdagi Rossiya standartidagi qatʼiy o‘lchamli relslarda harakatlanadi”, – deya taʼkidlangan nashrda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi