Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi o‘ziga xos qadimiy sado va kuylar “Ohang” orqali tarixga muhrlandi

May 22, 2026. 16:55 • 2 daq

100
Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi o‘ziga xos qadimiy sado va kuylar “Ohang” orqali tarixga muhrlandi

BRYUSSEL, 22-may. /“Dunyo” AA/. Yevropaning “Travel Tomorrow” axborot platformasida O‘zbekistonning o‘ziga xos qadimiy sadolari va kuylarini asrab-avaylashga qaratilgan yangi loyiha haqida tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, tadqiqotchilar cho‘ponlar kuylaydigan navolar, qishloq bayramlarida yangraydigan kuylar va mahalliy marosimlarda chalinadigan nog‘ora sadolarini raqamli formatga o‘tkazmoqda. Ushbu tashabbus “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, yo‘lga qo‘yilgan “Ohang” tashabbusi zamonaviy ijodkorlar uchun o‘zbek musiqiy merosidan erkin foydalanish va undan ilhomlanish imkoniyatini yaratadi.

Xalqaro ijrochi, kompozitor va nomoddiy madaniy merosi bo‘yicha mutaxassis O‘ktam Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, sohada baʼzi noto‘g‘ri tushuncha va to‘siqlar mavjud.

“Mutaxassis bo‘lmaganlar ko‘pincha mahalliy motivlarni arab, ozarbayjon yoki turkman musiqasi bilan aralashtirib yuborishadi. Musiqiy stok platformalarida “o‘zbek musiqasi” deb qidirilganda, aksariyat hollarda umuman aloqasi bo‘lmagan kompozitsiyalar taklif etiladi”, O‘ktam Hakimov.

Ushbu muammoni hal etish uchun “Ohang” katalogi anʼanaviy musiqaning bepul raqamli arxivini va yagona ochiq resursni taqdim etadi.

Maqolada yozilishicha, loyiha doirasida anʼanaviy ijod namunalarini ijro etib kelayotgan musiqachi va soz ustalari professional studiyaga yig‘ilib, 24 ta anʼanaviy cholg‘u asbobidan foydalangan holda 200 dan ortiq yozuvlar bazasini yaratdi. Ular orasida yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, yirtqich qushning qanot suyagidan yasaladigan noyob va o‘ziga xos puflama cholg‘u – gajir nay ham bor. Tadqiqotchilar uchun professional yozuv jarayonida cholg‘ularning asl, autentik yangrashini o‘zgartirmasdan saqlab qolish muhim vazifa bo‘lgan.

Eʼtiborli jihati, loyiha doirasida qariyb 50 yildan beri ijro etilmay kelinayotgan va butunlay yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan ohanglar, jumladan, surnayning qadimiy kuylari ilk bor tarixga muhrlandi. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi yozuvlar nafaqat bugungi ijodkorlar, balki kelajakdagi ilmiy tadqiqotlar uchun ham muhim manbadir.

Kelgusida ushbu raqamli arxivni yana-da kengaytirish va to‘ldirib borish rejalashtirilgan. Tashkilotchilar ushbu kuylardan video, kino, musiqa va reklama loyihalarida keng foydalanilishiga umid bildirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish