Kuvayt barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun siyosiy muloqotni faollashtirishga chaqirmoqda

Iyun 07, 2026. 10:30 • 2 daq

156
Kuvayt barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun siyosiy muloqotni faollashtirishga chaqirmoqda

AL-KUVAYT, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning rivojlanish va barqarorlik masalalari bo‘yicha davlat vaziri Rim G‘ozi al-Fulayj Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan Ikkinchi Termiz muloqotining yalpi majlisida ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Kuvaytning “Times Kuwait” gazetasiga tayanib.

Vazir onlayn shakldagi o‘z nutqida mintaqaviy integratsiyaning ahamiyati hamda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, savdo, transport, logistika va energetika sohalaridagi sheriklikni mustahkamlash mintaqaviy barqarorlik va umumiy farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Rim G‘ozi al-Fulayjning so‘zlariga ko‘ra, Kuvayt “aqlli” infratuzilmaga sarmoya kiritish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini mustahkamlash, ta’minot zanjirlarini takomillashtirish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Kuvayt davlat vaziri barqarorlikni nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki tabiiy resurslarni asrash hamda aholi farovonligini ta’minlashni o‘z ichiga olgan yaxlit yondashuv sifatida qarash lozimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, u umumiy muammolarga birgalikda yechim izlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida davlatlararo siyosiy muloqotni davom ettirish, tajriba almashish hamda strategik sheriklikni mustahkamlashga chaqirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish