“La Nation”: Samarqand bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro muloqotning global maydoni sifatidagi maqomini mustahkamlamoqda
Oktabr 29, 2026. 18:30 • 2 daq
• 249
JENEVA, 28-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Shveysariyaning nufuzli “La Nation” nashrida “Bolalar farovonligi: O‘zbekiston Butunjahon sammitiga mezbonlik qilmoqda” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda YUNISEF, JSST va BMT ko‘magida 21–22-oktyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Bolalar farovonligi bo‘yicha butunjahon sammitining yakunlari yoritilgan. Maqola muallifi BMTning Jenevadagi bo‘linmasi katta muxbiri Katrin Fyankan-Bokonganing ta’kidlashicha, mazkur nufuzli tadbir 100 dan ortiq mamlakatdan 600 nafardan ziyod delegatni, jumladan, xalqaro tashkilotlar vakillari va 15 nafar birinchi xonimni bir joyga jamladi.
Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar, xususan, bolalar qashshoqligi darajasini 2021-yildagi 21,5 foizdan 2026-yilda 5,4 foizgacha keskin qisqarganiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaning bolalar, jumladan, saraton kasalligiga chalingan go‘daklar salomatligini himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun JSST Bosh direktorining mukofoti bilan taqdirlangani xalqaro miqyosda e’tirof etilgani qayd etilgan. Bundan tashqari, “Zamin” fondi tashabbuslari va “Mehrli Maktab” ta’lim dasturi ham alohida tilga olingan.
Nashrda qayd etilishicha, Samarqand xalqaro muloqot maydoni sifatidagi maqomini tobora mustahkamlab bormoqda. Sammitning asosiy natijasi sifatida bolalar sog‘liqni saqlash, inklyuziv ta’lim va ijtimoiy himoya sohalariga investitsiyalarni kengaytirishni nazarda tutuvchi Samarqand deklaratsiyasining qabul qilingani ko‘rsatilgan. Maqolada erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etish hamda milliy dasturlarni uzoq muddatli moliyalashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi