Logo

“London Post”: O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokida 84 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda

Dekabr 20, 2025. 09:00 • 3 daq

295
“London Post”: O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokida 84 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda

LONDON, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “London Post” axborot portalida “O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Portalning yozishicha, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik samarali va jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi muloqot rivojida tub burilish yasadi. Ushbu tashrif yirik qo‘shma iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishga turtki berdi hamda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlik vektorini belgilab berdi.

Xalqaro maydonda O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik qilib, bir-birining pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Hamkorlik yillarida O‘zbekiston Yaponiyaning BMT organlariga nomzodini 40 martadan ortiq qo‘llab-quvvatlagan, Tokio esa O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyutsiyalari xayrixoh bo‘lgan.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik ham ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyatidan dalolat beradi. Ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan, “O‘zbekiston–Yaponiya” parlamentlararo forumining yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda, o‘zaro tashriflar amalga oshirilmoqda, uchrashuvlar va onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda.

Maqolada taʼkidlanganidek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib, sanoat, energetika, kommunikatsiyalar, infratuzilma, innovatsiyalar, transport va “yashil iqtisodiyot” sohalarini qamrab olgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo eng qulay rejimda amalga oshirilmoqda, buning natijasida tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda barqaror o‘sishni namoyish etmoqda.

2024-yilda Nagoya shahrida O‘zbekiston–Yaponiya savdo uyi ochildi. Bu Yaponiya tomonining O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Yaponiya va Yaponiya–O‘zbekiston qo‘mitalarining qo‘shma majlislari iqtisodiy loyihalarni muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokida 84 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Yaponiyaning neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, logistika, taʼlim va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan 13 yirik kompaniyasi vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

“O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda Yaponiya moliya institutlari ham strategik ahamiyatga ega. 2025-yil yanvar oyida Toshkentda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JISA) bilan milliy tibbiyotni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladigan zamonaviy loyiha – Respublika nevrologiya va insult markazini qurish va jihozlash uchun 150 million dollarlik qarz bitimi imzolandi”, – deya so‘z yuritilgan manbada.

O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarining madaniy-gumanitar yo‘nalishi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Yigirma yildan ortiq vaqtdan buyon “O‘zbekiston–Yaponiya” do‘stlik jamiyati, “Fukusima–O‘zbekiston” va “Yaponiya–O‘zbekiston” uyushmalari faol ish olib bormoqda. Toshkentda o‘rnatilgan “Xirosima tinchlik toshi” va poytaxtimiz markazida barpo etilgan Yapon bog‘i o‘zbek va yapon xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramziga aylandi.

 

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish