“MENAFN”: O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevroosiyo orqali yangi iqtisodiy ko‘prik barpo etmoqda

Avgust 24, 2026. 18:00 • 2 daq

199
“MENAFN”: O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevroosiyo orqali yangi iqtisodiy ko‘prik barpo etmoqda

AMMON, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning nufuzli “MENAFN” xalqaro nashrida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va hududlararo aloqalarga bag‘ishlangan turkum tahliliy maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materiallarda Boku va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar shunchaki tovar aylanmasini oshirish bilan cheklanib qolmay, kapital, texnologiya, energetika resurslari va infratuzilma imkoniyatlarini birlashtiruvchi mutlaqo yangi iqtisodiy modelga aylanayotgani alohida eʼtirof etilgan.

“Ozarbayjon va O‘zbekiston Yevroosiyo orqali yangi iqtisodiy ko‘prik barpo etmoqda” sarlavhali maqolada ikki mamlakat iqtisodiy imkoniyatlari haqida maʼlumotlar keltirilgan. Muallifning qayd etishicha, Ozarbayjon Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatini taqdim etsa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yirik bozori, sanoat va ishlab chiqarish kuchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Nashrda yozilishicha, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi 3 baravarga ortib, 795 million dollarni tashkil etgan. 2026-yilning yanvar–may oylarida bu ko‘rsatkich yana 33 foizga o‘sdi.

Tovar aylanmasidan tashqari, kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston–Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi tashkil etilgani uzoq muddatli sanoat kooperatsiyasiga mustahkam zamin yaratdi.

Hamkorlik doirasida Ozarbayjonda “Chevrolet” avtomobillari va “Isuzu” avtobuslari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2026-yilning iyul holatiga ko‘ra, 10,7 mingdan ortiq yengil avtomobil hamda 275 ta avtobus konveyerdan chiqdi. Neft-kimyo sohasida “SOCAR” va “O‘zbekneftgaz” hamkorligida “Turan Energy AFEZCO” qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda.

“Yashil energetika koridori alyansi” doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini Kaspiy dengizi tubi orqali G‘arbga eksport qilish, “O‘rta koridor” bo‘ylab tranzit tashishlar hajmini oshirish bo‘yicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Nashrda eʼlon qilingan “O‘zbekistonlik mutaxassislar Fuzuliyda “Do‘stlik” intensiv bog‘ini barpo etadi” sarlavhali maqolada Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Ozarbayjon IV hududlararo forumi yakunlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning maʼlumotiga tayanib yozilishicha, o‘zbekistonlik mutaxassislar Ozarbayjonning Fuzuliy tumanida “Do‘stlik” nomli intensiv meva bog‘ini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarga kirishgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish