“Diplomacy Journal”: 4–6-sentyabr kunlari Samarqandda Parlamentlararo ittifoq yosh aʼzolarining XII xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi
Avgust 24, 2026. 14:30 • 2 daq
• 143
SEUL, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Diplomacy Journal” nashrida 4–6-sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoq yosh aʼzolarining XII xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, mazkur konferensiyada 183 mamlakat, 15 ta xalqaro tashkilot va 50 ga yaqin doimiy kuzatuvchini ifodalovchi qariyb 300 nafar delegat ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir dasturidan oltita sessiya o‘rin olgan bo‘lib, ularda ishtirokchilar zamonaviy dunyoda yoshlarning maqomi va huquqlariga oid dolzarb masalalarni muhokama qiladi.
Xususan, mojarolar va raqamli transformatsiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlar bandligini oshirish, xotin-qizlar va yoshlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Jurnalda taʼkidlanishicha, konferensiya kun tartibida interaktiv va innovatsion ishlash formatlari, jumladan, kichik guruhlardagi muhokamalar, treninglar va muloqot forumlari ham ko‘zda tutilgan.
Bunday yondashuv nafaqat fikr va tajriba almashish uchun samarali maydon yaratish, balki turli mamlakatlardan kelgan yosh parlamentariylar o‘rtasida professional aloqalarni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Konferensiyaning muhim tarkibiy qismi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha uchinchi global forumning o‘tkazilishidir. Unda ishtirokchilar Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishda parlamentlararo hamkorlikning rolini ko‘rib chiqadi.
Uchrashuvlar yakunida tadbir kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha yosh parlamentariylarning tavsiyalari va qo‘shma yondashuvlarini o‘z ichiga olgan yakuniy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda.
Sessiyalar 4–5-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Uchinchi kun – 6-sentyabr kuni esa mezbon mamlakat parlamenti tomonidan tashkil etiladigan madaniy dasturga bag‘ishlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi