Moskvadan munosabat: Yangi markaz islom ma’rifati nufuzini yanada oshiradi
Mart 26, 2026. 14:21 • 2 daq
• 77
MOSKVA, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Etnologiya va antropologiya instituti ilmiy xodimi Azat Primov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi munosabati bilan fikr bildirdi.
– Xorijda yashayotgan o‘zbekistonlik sifatida tarixiy Vatanimda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishini samimiy olqishlayman. Bunday muassasani boshqa joyda tasavvur qilish qiyin. O‘zbekiston azaldan islom ma’rifati o‘choqlaridan biri bo‘lib kelganiga musulmon olamida hech kim shubha bildirmaydi.
Ushbu zaminda nafaqat islom ta’limoti va diniy manbalarning buyuk olimlari, balki ko‘plab taniqli musulmon ulamolari va ma’rifatparvarlar yetishib chiqqan. O‘rta asrlar va keyingi davrlarda Yevroosiyo hududidagi islom ma’naviy markazlarining muhim qismi aynan O‘zbekiston zaminida joylashgan.
Buxoro, Samarqand, Xorazm, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va mamlakatimizning boshqa hududlari jahon ilm-fani, xususan, tibbiyot, matematika, astronomiya, geografiya va falsafa sohalari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarni yetkazib bergan.
Mamlakat tarixida shunday davrlar ham bo‘lganki, al-Beruniy, al-Buxoriy kabi buyuk ajdodlarimiz o‘z yurtidan ko‘ra xorijda ko‘proq tanilgan. Ilm-fan va din uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan mazkur markaz muzey va ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida aynan ana shunday unutilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, ushbu Markaz yangi turdagi sivilizatsiya instituti sifatida islom sivilizatsiyasining dunyodagi haqiqiy o‘rnini tiklash, ilm-ma’rifat va madaniyatni keng targ‘ib etish, jaholatning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, xalqlar o‘rtasida muloqot va o‘zaro tushunishni rag‘batlantirishga qodir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi