Logo

“Asdaa Oman”: Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yangi qiyofada namoyon bo‘ldi

Mart 22, 2026. 17:00 • 2 daq

168
“Asdaa Oman”: Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yangi qiyofada namoyon bo‘ldi

MASKAT, 26-mart. /“Dunyo” AA/. O‘monning “Asdaa Oman” gazetasida “Imom Buxoriy majmuasi – ma’naviy meros va zamonaviy me’morchilik uyg‘unligi” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada Markaziy Osiyo azaldan buyuk allomalar vatani ekani, ular orasida Imom Buxoriy islom sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutishi alohida yoritilgan. Uning “Sahihi Buxoriy” asari Qur’oni karimdan keyingi eng muhim manbalardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Shuningdek, materialda allomaning hayoti va ilmiy faoliyati, hadis ilmiga qo‘shgan ulkan hissasi, ilm yo‘lida amalga oshirgan safarlari va shogirdlar yetishtirishdagi o‘rni batafsil yoritilgan.

Samarqand yaqinida joylashgan Imom Buxoriy majmuasining tarixi, uni qayta tiklash jarayonlari hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Qayd etilishicha, majmua O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yildan buyon rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi. Uning tarkibiga zamonaviy masjid, muzey, mehmonxonalar va boshqa infratuzilma obyektlari kiritilib, yirik madaniy-ziyorat markazi shakllantirildi.

Nashr ta’kidlashicha, bugungi kunda Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyoratgoh, balki islom tarixi va ilmiy merosini o‘rganishga xizmat qiladigan muhim ma’naviy, ilmiy va madaniy markazga aylangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish