Logo

“Oman Daily” gazetasi: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonni madaniy va intellektual uyg‘onish markazi sifatida namoyon etmoqda

Mart 20, 2026. 09:10 • 2 daq

168
“Oman Daily” gazetasi: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonni madaniy va intellektual uyg‘onish markazi sifatida namoyon etmoqda

MASQAT, 20-mart. /“Dunyo” AA/. O‘mon hukumatining rasmiy nashri — “Oman Daily” gazetasida O‘zbekistonning maʼrifiy salohiyati va Toshkentda ochilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini ochish orqali mintaqaning tarixiy ilmiy-madaniy rolini tiklash yo‘lida muhim qadam tashlamoqda. Ushbu yirik madaniy loyiha «Yangi O‘zbekiston»ning o‘ziga xos ramziga aylanib, mamlakatning intellektual yuksalish borasidagi qatʼiyatini ifodalaydi.

Nashrning qayd etishicha, Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib ilgari surgan tashabbusining amaliy ifodasidir. Davlat rahbari o‘shanda islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini — ilm, maʼrifat va tinchlik dini sifatida dunyoga namoyon etish zarurligini taʼkidlagan edi.

10 gektar maydonni egallagan ushbu muazzam majmua Temuriylar davri meʼmorchiligi anʼanalari va zamonaviy texnologiyalarni o‘zida uyg‘unlashtirgan. “Oman” gazetasi Markazni madaniy o‘zlikni tiklash va islom olamidagi intellektual mavqeni mustahkamlash strategiyasining ajralmas qismi sifatida baholagan.

Markazda noyob eksponatlar, interaktiv texnologiyalar, boy kutubxona va keng ilmiy-taʼlimiy maydonlar joy olgan. Loyiha xalqaro miqyosda yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lib, Toshkentni yana bir bor islom olamining muhim madaniy va intellektual markazi sifatida dunyoga tanitmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish