Logo

“Avesta” AA: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan

Mart 25, 2026. 19:10 • 2 daq

117
“Avesta” AA: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan

DUSHANBE, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Tojikistonning “Avesta” axborot agentligida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida suv resurslari sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, ikki xalqni tarixiy yaqinlik, mushtarak an’analar va umumiy manfaatlar bog‘lab turadi. Bu omillar ikki davlat o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlik, jumladan, suv xo‘jaligi sohasidagi sheriklik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Suv resurslari sohasidagi hamkorlikning huquqiy poydevori 1992-yilda Olma-otada imzolangan davlatlararo suv resurslaridan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi bitimga borib taqaladi. Ushbu hujjat transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2019-yilda Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolari suv resurslaridan kompleks foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston–Tojikiston qo‘shma ishchi guruhi tashkil etildi. Shu kunga qadar uning bir nechta yig‘ilishlari o‘tkazilib, qo‘shma loyihalar, suv boshqaruvi islohotlari va “Bahri tojik” suv omborining ish rejimini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Bahri tojik” suv omboridan yoz mavsumida samarali foydalanish bo‘yicha izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali O‘zbekiston va Qozog‘istonda sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlash yaxshilanmoqda. O‘z navbatida, mazkur davlatlar Tojikistonga texnik va moddiy yordam ko‘rsatmoqda.

Suv resurslarini monitoring qilish va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, zamonaviy o‘lchash uskunalarining joriy etilishi suv sarfini aniq hisoblash va ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, tomonlar irrigatsiya infratuzilmasini tiklash va modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, “Katta Hisor” kanali va Varzob daryosidagi inshootlarni ta’mirlash va mustahkamlash ishlari natijasida Surxondaryo viloyatiga qo‘shimcha suv yetkazib berish imkoniyati yaratildi.

Maqolada qayd etilishicha, suv resurslari mintaqada barqaror taraqqiyot va aholi farovonligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. O‘zbekiston va Tojikiston bu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish