Shvetsiya parlamentida O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va “Mehr” operatsiyasi tajribasi yuqori baholandi
Mart 26, 2026. 15:48 • 3 daq
• 18
STOKGOLM, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 24-25-mart kunlari Shvetsiya parlamenti — Riksdagda “O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik, ekstremizmga qarshi kurash va terrorchi guruhlarning sobiq a’zolarini reintegratsiya qilish tajribasi” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Yahudiylar diniy jamoasi raisi Arkadiy Icaxarov, Nemis lyuteran cherkovi raisi Lyudmila Shmidt, Oliy Majlis deputati Dilorom Fayziyeva hamda taniqli dinshunos ekspertlardan iborat delegatsiya Stokgolmga tashrif buyurdi.
Seminarda Riksdag deputatlari, Shvetsiya hukumati a’zolari, siyosiy va ekspert doiralari, huquqni muhofaza qilish idoralari, diniy jamoalar va OAV vakillari, Stokgolmda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchilari — jami 120 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Delegatsiyamiz a’zolari tomonidan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, vijdon erkinligi va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi tizimli chora-tadbirlarning samarali natijalari taqdimot qilindi. Jumladan, “Mehr” operatsiyasi orqali nizoli hududlardan qaytarilgan D.N o‘z chiqishida yurtimizda adashgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilayotgan kechirimlilik va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish siyosatining amaliy mohiyatini ochib bergani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shvetsiya rasmiylari va xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tajribasini yuqori baholadi. Riksdagning “Shvetsiya – Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi rahbari, taniqli siyosatchi Byorn Syoder O‘zbekistonning ekstremizmga qarshi kurashdagi ilg‘or tajribasini o‘rganish ikki davlat manfaatlariga mos ekanini ta’kidladi. Shvetsiya TIVning dinlararo muloqot bo‘yicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil o‘z nutqida “Mehr” operatsiyalarini radikallashuv ildiziga berilgan kuchli zarba deb atab, O‘zbekiston tajribasi dinlararo muloqot xavfsizlikning eng mustahkam poydevori ekanini isbotlaganini qayd etdi.
Shvetsiya xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti direktori, siyosatshunos Svante Kornell O‘zbekistonning musulmon dunyosi tarixidagi o‘rni va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyatiga to‘xtalib, radikallashuvga qarshi ma’naviy va ijtimoiy usullar bilan kurashish samaradorligini alohida e’tirof etdi.
Seminar yakunida tomonlar bu kabi ochiq muloqotlar O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda uzoq muddatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lishini yakdillik bilan ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi