O‘zbekistonlik kino ijodkorlar Belarusdagi “Yevraziya.DOC” festivalida ishtirok etdi

Oktabr 08, 2026. 14:30 • 2 daq

• 23
O‘zbekistonlik kino ijodkorlar Belarusdagi “Yevraziya.DOC” festivalida ishtirok etdi

MINSK, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik kinoijodkorlar Minsk va Smolenskda o‘tkazilgan MDH davlatlarining “Yevraziya.DOC” X xalqaro hujjatli filmlar festivalida o‘z ijod namunalari bilan qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu yilgi yubiley festivalga dunyoning 17 davlatidan rekord darajadagi 413 ta ariza kelib tushdi. Yakuniy short-list dasturidan 34 ta kinolenta joy oldi.

O‘zbekiston festivalga ikkita kartina taqdim etdi. Rejissyor Sergey Yejkovning “G‘alaba qiyofalari. Qalblar harorati. O‘zbekiston qamaldagi Leningrad bolalari uchun qanday qilib ikkinchi uyga aylandi” hamda Adhamjon Abdurahmonovning “Siz yolg‘iz emassiz” qisqa metrajli filmlari namoyish qilindi.

Sergey Yejkov filmi qamaldagi Leningraddan evakuatsiya qilingan, ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston oilalari tomonidan qabul qilingan bolalar tarixiga bag‘ishlangan. Kino asar insonparvarlik va tarixiy xotirani asrab-avaylash mavzusiga qaratilgan.

“Siz yolg‘iz emassiz” filmi qisqa metrajli filmlarning maxsus dasturiga kiritilgan bo‘lib, zamonaviy ijtimoiy tashabbuslar, mehr-oqibat va insoniy qo‘llab-quvvatlash haqida hikoya qiladi.

Kino namoyishlaridan tashqari, O‘zbekiston vakillari bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan ziddiyatlar, MDH mamlakatlarida qo‘shma kino ishlab chiqarishni rivojlantirish, hujjatli kinoda yangi texnologiyalar, jumladan, neyron tarmoqlarni qo‘llashga bag‘ishlangan davra suhbatlari va muhokamalarda ishtirok etdi.

O‘zbekistonlik kinoijodkorlarning festivaldagi ishtiroki MDH mamlakatlari kino sanoati vakillari bilan kasbiy almashinuv va yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qilish maydoniga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish