“Global Korea post”: O‘zbekiston–Belarus strategik sherikligi yangi bosqichga chiqmoqda
Iyul 08, 2026. 22:00 • 3 daq
• 116
SEUL, 8-iyul /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Global Korea post” nashrida O‘zbekiston Prezidentining Belarusga rasmiy tashrifi va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sherikchilik aloqalariga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim siyosiy voqea sifatida baholanmoqda.
Keyingi yillarda munosabatlar an’anaviy diplomatik muloqot doirasidan chiqib, iqtisodiy, sanoat va investitsiyaviy sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari, hududlararo aloqalar hamda savdo aylanmasini kengaytirishdan iborat bo‘lib kelmoqda.
So‘nggi yillarda oliy darajadagi muntazam muloqotlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirdi. 2017-yildan buyon O‘zbekiston va Belarus rahbarlari sakkiz marta uchrashdi. 2024-yilda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Ikki tomonlama munosabatlarning eng yorqin ko‘rsatkichlaridan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal o‘sishidir. 2017–2025-yillar davomida o‘zaro savdo hajmi 5,3 barobarga oshib, 182 million dollardan 965 million dollarga yetdi.
Xususan, O‘zbekistonning Belarusga eksporti qariyb yetti barobarga o‘sib, 186,5 million dollarga yetgan bo‘lsa, Belarusdan import besh barobarga ko‘payib, 778,5 million dollarni tashkil qildi. Bugun Belarus O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari qatoriga kiradi va MDH davlatlari orasida Rossiya hamda Qozog‘istondan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.
Nashrda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Belarus 2030-yilga qadar o‘zaro tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bu maqsadga erishish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish, mahsulotlarni sertifikatlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes aloqalarini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Investitsiyaviy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Agar 2017-yilda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokida atigi 22 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 258 taga yetdi. Ulardan 63 tasi qo‘shma korxona, 195 tasi esa to‘liq Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi. Shu bilan birga, Belarusda ham O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokida 110 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiy sheriklikning eng muhim yo‘nalishi sanoat kooperatsiyasidir. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Toshkent viloyatida “Belarus” traktorlarini yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan. Nurafshonda Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, transport va logistika sohasida ham hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega. Elektron logistika tizimlarini joriy etish, chegara tartib-taomillarini soddalashtirish, temir yo‘l va avtomobil tashuvlarini raqamlashtirish, vagonsozlik va transport infratuzilmasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish o‘zaro tovar aylanmasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi nafaqat ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi, balki sanoat kooperatsiyasi, investitsiya va o‘zaro savdo sohalarida uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi