Fransiyaning Dovil shahrida o‘zbek milliy hunarmandchiligiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi
Iyul 09, 2026. 12:00 • 2 daq
• 11DOVIL, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Fransiyaning Dovil shahrida O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turistik salohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan yirik madaniy-taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Dovil shahri meri, turizm va madaniyat sohalari vakillari, fransuz dizaynerlari, jurnalistlar hamda Fransiyadagi vatandoshlar ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Nodir G‘aniyev yig‘ilganlarga mamlakatimizning boy madaniy merosi va anʼanaviy hunarmandchiligi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib qilish, Fransiya bilan madaniy hamkorlikni yana-da kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, bu kabi tashabbuslar mamlakatimizning xalqaro imijini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Taqdimot doirasida Fransiya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Vyetnam, Marokash va boshqa mamlakatlar dizaynerlari ishtirokida defile namoyishi o‘tkazildi. Unda milliy anʼanalar va zamonaviy moda uyg‘unligida yaratilgan o‘zbek milliy matolari va hunarmandchilik elementlarini o‘zida mujassam etgan liboslar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ishtirokchilarga Buxoro, Samarqand va Xiva kabi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharlar, ekoturizm yo‘nalishlari, milliy bayramlar hamda mamlakatimizning zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida batafsil so‘zlab berildi.
Tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari — palov, somsa va milliy shirinliklar tortiq qilindi.
Mazkur madaniy tadbir O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy anʼanalari va turistik salohiyatini fransuz jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




