Trampning kelishuv bekor qilingani haqidagi bayonotidan so‘ng AQSH Eronga zarbalar yo‘llashni davom ettirmoqda
Iyul 09, 2026. 11:30 • 2 daq
• 21
VASHINGTON–TEHRON, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘tgan oyda tuzilgan sulh bitimi bo‘yicha Donald Trampning “kelishuv endi kuchga ega emasligi” haqidagi bayonotidan so‘ng, AQSH Eronga qarshi yangi zarbalar seriyasini yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN”ga tayanib.
Operatsiya boshlanganidan so‘ng prezident ushbu zarbalar “Eronning kemalarni bombardimon qilganiga” javob ekanini aytib, bunday harakatlar takrorlansa, oqibatlari “ancha jiddiy” bo‘lishidan ogohlantirdi.
Portlashlar Eronning janubiy hududlarida, jumladan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilidagi Sirik va Bandar Abbos shaharlarida yuz berdi. AQSH zarbalari fonida Ko‘rfaz mamlakatlari Eronning javob choralari haqida xabar berdi. Manamada portlashlar eshitilgan, Quvayt raketalar va dronlarni tutib olganini maʼlum qilgan, Qatar esa xavfsizlikka oid ogohlantirish tarqatgan.
Islom inqilobi posbonlari korpusi Quvayt va Bahrayndagi Amerika harbiy bazalariga zarba berilganini tasdiqlab, bu harakatlarni “bitimni buzgan amerikaliklarga nisbatan jazo choralarining birinchi bosqichi” deb atadi.
Eron parlamenti raisi va AQSH bilan muzokaralardagi bosh vakil Muhammad Boqir G‘olibof bosim o‘tkazish va vaʼdalarni buzish siyosati endilikda oqibatsiz qolmasligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSH zarba berishda davom etsa, Eron ham javob qaytaradi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi esa faqat Eron shartlariga muvofiq ochiq bo‘ladi.
AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) zarbalar Eronning tijoriy kemachilikka hujum qilish salohiyatini zaiflashtirishga qaratilganini maʼlum qildi. Qo‘mondonlik maʼlumotlariga ko‘ra, 90 ta harbiy obyekt, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari va qirg‘oq bo‘yidagi logistika infratuzilmasi nishonga olingan.
Jurnalistlar bilan uchrashuvda Donald Tramp Eron vakillari AQSH bilan aloqaga chiqqani va bitim tuzishga juda istagi baland ekanini aytdi, biroq Tehronning ehtimoliy kelishuvlarga rioya qilishiga shubha bildirdi.
Shuningdek, u o‘tgan oyda tuzilgan sulh bitimi endi kuchga ega emasligini va keyingi muzokaralarni “bekorga vaqt sarflash” deb bilishini maʼlum qildi.
Bunga javoban, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron “qo‘pollik bilan emas, amaliy harakatlar bilan javob berayotganini” bildirdi. O‘zaro zarbalar almashinuvi 17-iyun kuni AQSH va Eron o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanganidan buyon eng yirigi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi