Isroil televideniyesida V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi

Iyul 08, 2026. 21:30 • 2 daq

82
Isroil televideniyesida V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi

TEL-AVIV, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Isroilning nufuzli “14-kanal” muxbiri tomonidan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlab tayyorlangan maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu dasturda O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi hamkorlikning kengayib borayotgani haqida alohida so‘z yuritilgan. Ko‘rsatuvda asosiy eʼtibor Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarga qaratilgan.

Muallifning taʼkidlashicha, ushbu forum O‘zbekistonning xalqaro investitsiyalar uchun tobora jozibador mamlakatga aylanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Telekanal maʼlumotiga ko‘ra, joriy yilgi forumda 100 dan ortiq davlatdan 8 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan. Forumda umumiy aktivlari 42 trillion dollardan ortiq bo‘lgan minglab kompaniya vakillari ishtirok etgan. Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning xalqaro biznes hamjamiyati uchun muhim investitsiya maydoniga aylanayotganidan dalolat bermoqda.

Ko‘rsatuvda O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirayotgani, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va investitsiya muhitini yaxshilash orqali iqtisodiy o‘sish surʼatlarini jadallashtirayotgani maʼlum qilingan. O‘zbekiston xorijiy sarmoyalarni, jumladan, Isroil investitsiyalarini jalb qilishga katta qiziqish bildirmoqda.

Dasturda iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda turizm sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Tomoshabinlarga Toshkent va Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘li sivilizatsiyasidagi o‘rni hamda Buxoro yahudiylari merosi haqida maʼlumot berilgan.

O‘zbek milliy taomlari – palov, sho‘rva, manti va mahalliy mevalar mamlakatning sayyohlik salohiyatining muhim qismi sifatida namoyish etildi. Shu bilan birga, ko‘rsatuv davomida O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi aviatransport aloqalari rivojlanayotgani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish