“Orta Lectura”: O‘zbekiston Prezidenti boshchiligidagi islohotlar mintaqa taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlamoqda
Oktabr 14, 2026. 14:30 • 2 daq
• 112
MADRID, 14-oktabr. / “Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Orta Lectura” tahliliy-axborot portalida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanishicha, 2016-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelishi bilan mamlakatda tizimli o‘zgarishlar – “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasini amalga oshirish jarayoni boshlandi.
Muallif davlat rahbarining mintaqa qo‘shnilari bilan 25 yil davomida yechimini topmay kelgan chegara nizolarini hal etganini alohida qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xomashyo, insonlar va energiya resurslari hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz erkin harakatlanadigan yaxlit mintaqaviy bozorni shakllantirish imkonini berdi.
Iqtisodiy sohadagi tub burilish sifatida 2017-yilda valyuta ayirboshlash kursining liberallashtirilgani, buning ortidan xomashyo eksportidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tilgani, raqamlashtirish jarayonlari jadallashgani va xorijiy investitsiyalar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani tilga olingan.
Maqolada paxtachilikda majburiy va bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘yilganiga alohida urg‘u berilgan. Bu mamlakatning xalqaro nufuzini yuksaltirib, talabchan jahon bozorlariga yo‘l ochgani ta’kidlangan. Geosiyosiy nuqtayi nazardan, Transkaspiy yo‘nalishining (O‘rta yo‘lak) ortib borayotgan ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tilgan.
Toshkent endilikda xaritadagi chekka hudud emas, balki muhim logistika markaziga aylandi. O‘zbekiston Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlab, savdo aloqalarini rivojlantirmoqda, Yevropa Ittifoqi bilan samarali muloqot olib bormoqda.
Materialda Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘n yildan kamroq vaqt ichida O‘zbekistonni mintaqada barqarorlik va pragmatizm namunasini ko‘rsatayotgan muhim davlatga aylantirgani qayd etilgan. Muallif fikricha, islohotlar sur’ati saqlanib qolsa, Markaziy Osiyo Yevroosiyoda transport-logistika bog‘liqligini rivojlantiruvchi yangi kuch sifatida e’tirof etiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi