“Global News Pakistan” AA: O‘zbekiston TDT makonida suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha global tashabbuslarni ilgari surmoqda
Oktabr 14, 2026. 14:00 • 2 daq
• 95
ISLOMOBOD, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Global News Pakistan” axborot agentligi saytida O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev qalamiga mansub “Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida suv sohasida qator amaliy qadamlar tashlanayotgani qayd etilgan. Xususan, 2024-yil may oyida TDT va Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi hamkorligida “Suvdan samarali foydalanish” mavzusida maxsus seminar o‘tkazilib, unda a’zo va kuzatuvchi davlatlar mutaxassislari iqlim o‘zgarishi sharoitida sug‘orishni boshqarish, qurg‘oqchilik davrida suvdan tejamkor foydalanish va zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha tajriba almashgani urg‘ulangan.
Muhim institutlardan yana biri sifatida Budapesht shahrida faoliyat yuritayotgan TDT Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu tuzilma suv boshqaruvi, irrigatsiya, qurg‘oqchilikka qarshi kurashish va ekologik muammolar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Nashrda joriy yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligida Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi Ijrochi direktori, TDT huzuridagi Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti Kengashi raisi Balaj Xendrik bilan uchrashuv o‘tkazilgani eslatib o‘tilgan. Shuningdek, 2025-yil 5-mart kuni Bryusselda o‘tkazilgan TDT Mintaqaviy suv forumi suv resurslarini barqaror boshqarish, zamonaviy suv texnologiyalari va qurg‘oqchilikka bardoshlilik masalalarini yangi bosqichga olib chiqqani qayd etilgan.
Muallifning ta’kidlashicha, bularning barchasi TDT doirasida suv masalasi umumiy muhokama mavzusidan bosqichma-bosqich ilmiy, institutsional va amaliy hamkorlik yo‘nalishiga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan TDT makonida suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, joriy yil 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi nutqida O‘zbekiston yetakchisi turkiy dunyoda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, tuproq eroziyasi va muzliklarning erish jarayonlarini muntazam monitoring qilish, shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarishga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta’kidlagani yuqori baholangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi