“Outlook New Era Magazine”: 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasi sifatida eʼtirof etildi
Avgust 09, 2026. 10:56 • 3 daq
• 124
GUANCHJOU, 9-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Outlook New Era Magazine” media portalida Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC)ning “2026-yil uchun sayohat va turizmning iqtisodiy taʼsirini o‘rganish” hisoboti asosida Markaziy Osiyoning turizm sohasidagi o‘sish surʼatlari haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo 2025-yilda jahon turizm sanoatida eng tez rivojlanayotgan mintaqalardan biriga aylandi. WTTC tomonidan dunyo turizmi 13 ta asosiy hudud bo‘yicha tahlil qilingan bo‘lib, Markaziy Osiyo qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyoda sayohat va turizm sohasining yalpi ichki mahsulotga qo‘shadigan hissasi 17,7 foizga, sohaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkichlar Shimoli-sharqiy Osiyo (8,7 foiz) va Janubi-sharqiy Osiyo (7,6 foiz)dagi o‘sish surʼatlaridan sezilarli darajada yuqori.
Hisobotda taʼkidlanishicha, 2025-yilda Markaziy Osiyo turizm sanoatining iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 220,1 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu mintaqa yalpi ichki mahsulotining 4,3 foiziga teng. Shuningdek, turizm sohasidagi bandlik 9,5 foizga, sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa 12,4 foizga o‘sgan.
Maqolada O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or turizm yo‘nalishi sifatida alohida qayd etilgan. WTTC maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston mintaqadagi barcha asosiy baholash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonning turizm xizmatlari eksportidan oladigan daromadi 44,8 milliard AQSH dollariga yetgan. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyodagi umumiy turistik eksport daromadlarining qariyb yarmini tashkil etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayyohlik yo‘nalishi hisoblanadi. Mintaqa aholisining xorijiy sayohatlari orasida O‘zbekiston ulushi 25 foizni tashkil etdi. Bu borada Qozog‘iston 23 foiz va Qirg‘iziston 18 foiz ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu 2024 yilga nisbatan 46,8 foizga ko‘pdir.
WTTC Markaziy Osiyoda turizm taraqqiyotiga chegara tartiblarini soddalashtirish, transport va logistika imkoniyatlarini yaxshilash, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish hamda mintaqani yagona turistik makon sifatida targ‘ib qilish muhim omil bo‘layotganini qayd etgan.
Xalqaro tadqiqot natijalari O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi turizm markazlaridan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotgani, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy infratuzilmasi esa xalqaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rsatmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi