O‘zbekiston-AQSH munosabatlari yanada mazmundor va strategik hamkorlik bosqichiga o‘tmoqda
Avgust 09, 2026. 14:00 • 2 daq
• 64
VASHINGTON, 9-avgust. / “Dunyo” AA/. Amerikaning “Diplomatic Watch” nashrida O‘zbekiston va AQSH yetakchilari o‘rtasida 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning taʼkidlashicha, ushbu muloqot 2025-yilning kuzidan buyon sezilarli darajada faollashgan oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomidir. Xususan, nashr Prezidentlarning 2025-yil 5-sentyabrdagi telefon muloqoti, 2025-yil 23-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi uchrashuvi hamda 2025-yil 6-noyabrda Oq uyda o‘tkazilgan muzokaralarini yodga oladi. Ushbu omillar fonida navbatdagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarning barqaror dinamikasidan dalolat beradi. AQSH yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, bu aloqalar “misli ko‘rilmagan darajaga” ko‘tarilgan.
Nashrning xabar berishicha, yetakchilar asosiy eʼtiborni muqaddam erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish va savdo-investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishga qaratdilar. Maqolada hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sanab o‘tilgan.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha uch yillik dasturning amalga oshirilishi, Amerika-O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi hamda O‘zbekiston viloyatlari va AQSH shtatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning kengayishi alohida qayd etilgan.
“Diplomatic Watch” O‘zbekiston tomonidan joriy yilning yanvar oyidan boshlab AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgani haqida alohida qayd etadi.
Nashrda xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga ham keng o‘rin ajratilgan. Taʼkidlanishicha, yetakchilar global xavfsizlik, xalqaro va mintaqaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar hamda bo‘lajak ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarni muhokama qildilar.
Muallif avvalgi muloqotlar chog‘ida ham davlat rahbarlari terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va AQSHning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “C5+1” formatidagi hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilganini eslatib o‘tadi.
“Diplomatic Watch” bo‘lib o‘tgan muloqotning asosiy siyosiy signali sifatida Donald Trampga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifi yana bir bor bildirilganini urg‘ulaydi.
Umuman olganda, maqolada ushbu telefon muloqoti ikki Prezident o‘rtasidagi shaxsiy muloqotni izchil mustahkamlash va O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini yana-da mazmundor, strategik hamkorlik bosqichiga olib chiqishning navbatdagi bosqichi sifatida talqin etiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi