O‘zbekiston va Germaniya parlament delegatsiyalari Berlinda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Oktabr 14, 2026. 19:00 • 2 daq
• 96
BЕRLIN, 13-oktabr. /«Dunyo» AA/. Berlin shahrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi va Germaniya Bundestagi raisi o‘rinbosari Jozefina Ortleb o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, unda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy sohalarda tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratildi.
Jozefina Ortleb O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab, parlament diplomatiyasining siyosiy muloqotni mustahkamlash va xalqaro muammolarga yechim topishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Shuningdek, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash hamda ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu borada qonunchilik tajribasini o‘rganish va parlamentlarning tegishli tuzilmalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Tibbiy xizmatlar sifati va ommabopligini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat parlamentlarining tegishli qo‘mitalari o‘rtasida, hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish manfaatdorligi bildirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi