O‘zbekistonda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi tasdiqlandi
Sentabr 22, 2026. 20:10 • 2 daq
• 110TOSHKENT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasining maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Konferensiyada davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbirda Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari, milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish, ma’lumotlarni boshqarishni takomillashtirish va manfaatdor tomonlarning keyingi vazifalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 10-sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi 2026–2030-yillarda milliy statistika tizimini kompleks rivojlantirish, rasmiy statistika ma’lumotlarining sifati va ishonchliligini oshirishga qaratilgan.
Strategiyada milliy statistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha 11 ta strategik maqsad belgilangan. Ular institusional salohiyatni oshirish, xalqaro standartlarga moslashish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan samarali foydalanish, zamonaviy statistik usullar va raqamli texnologiyalarni joriy etish, foydalanuvchilarga qulay statistik mahsulotlar yaratish hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashni qamrab oladi.
Ma’lumotlar sifatini oshirish Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda statistik ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, uslubiyatlarni xalqaro talablarga moslashtirish va metama’lumotlarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Statistik ma’lumotlarni shakllantirishda ma’muriy, muqobil, geofazoviy ma’lumotlar, katta ma’lumotlar va zamonaviy raqamli texnologiyalardan keng foydalaniladi. 2030-yilga qadar statistik hisobot shakllarini 47 tadan 38 taga qisqartirish, rasmiy statistikada muntazam foydalaniladigan ma’muriy ma’lumotlar manbalarini 60 tadan 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Foydalanuvchilar uchun statistik ma’lumotlarni ochiq, tushunarli va qulay shaklda taqdim etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2030-yilga qadar rasmiy statistikadan foydalanuvchilarning qoniqish va ishonch darajasini kamida 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Strategiyaning muhim maqsadli natijalaridan biri – 2030-yilga qadar O‘zbekistonni Jahon bankining Statistika samaradorligi indeksi bo‘yicha eng yuqori natijaga ega 50 ta davlat qatoriga kiritishdir.
Strategiya uch bosqichda amalga oshiriladi: 2026-yilda institusional-huquqiy asoslar yaratiladi, 2027–2028-yillarda zamonaviy statistik usul va texnologiyalar keng joriy etiladi, 2029–2030-yillarda esa erishilgan natijalar mustahkamlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


