O‘zbekiston vakili “UNESCO 80” yoshlar tashabbusida ishtirok etdi

Sentabr 08, 2026. 17:00 • 2 daq

4
O‘zbekiston vakili “UNESCO 80” yoshlar tashabbusida ishtirok etdi
O‘zbekiston vakili “UNESCO 80” yoshlar tashabbusida ishtirok etdi

PARIJ, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. YUNESKOning Parijdagi qarorgohida “UNESCO 80” jarayoni doirasida tashkil etilgan “XXI asr ayollari va erkaklarining ongi va ruhiyatida yangi tinchlik madaniyatini barpo etish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston vakili, YUNESKO 14-Yoshlar forumi ishtirokchisi hamda xalqaro yoshlar konsultatsiyasini o‘tkazishga ko‘maklashgan Ruxsora Shakirova ham onlayn ravishda qatnashdi.

Konsultatsiyalar joriy yilning yozida Fransiya ko‘magida bo‘lib o‘tdi va unda 135 davlatdan 145 nafar yosh yetakchi birlashdi. Sessiyalar yakunlari bo‘yicha “Yoshlarning yangi tinchlik madaniyatiga daʼvati” va “Yoshlarning mulohazalari hujjati” tayyorlandi.

Ishtirokchilar tinchlikni mustahkamlashda yoshlarning rolini kengaytirish, yoshlar va sunʼiy intellekt masalalariga xalqaro yondashuvlarni tatbiq etish, taʼlimda muloqot madaniyatini targ‘ib qilish hamda voyaga yetmaganlarni zararli raqamli kontentdan himoyalash bo‘yicha takliflar taqdim etdi.

Tadbir YUNESKO bosh direktori Xaled al-Anani va Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Moderatorlar tinchlikni mustahkamlashda va YUNESKO faoliyatining asosini tashkil etuvchi “tinchlik ruhiyati”ni yana-da rivojlantirishda yoshlar ishtirokining muhimligini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonning “UNESCO 80” konsultatsiya jarayonidagi ishtiroki mamlakatimiz yoshlarini YUNESKO faoliyatining kelajakdagi yo‘nalishlari va tinchlikni mustahkamlash borasidagi mandatini amalga oshirishda yosh avlodning roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokamalarga faol jalb etishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish