"Rossiyskaya gazeta": Belarus O‘zbekiston bilan qo‘shma sanoat loyihalariga sarmoya kiritishga tayyor

Iyul 08, 2026. 18:00 • 2 daq

70
"Rossiyskaya gazeta": Belarus O‘zbekiston bilan qo‘shma sanoat loyihalariga sarmoya kiritishga tayyor

MOSKVA, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Rasmiy “Rossiyskaya gazeta”da Minsk va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmining kengayishiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, Belarus iqtisodiyot vaziri Yuriy Chebotar “Belarus va O‘zbekiston: hamkorlikning yangi vektorlari” mavzusidagi davra suhbati davomida so‘nggi o‘n yil ichida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 barobar, xizmatlar sohasidagi o‘sish esa 30 barobardan ortiqni tashkil etganini maʼlum qilgan.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida Belarusning ham tovarlar, ham xizmatlar bo‘yicha o‘zaro savdo hajmida uchinchi o‘rinni, Belarus investitsiyalari jamg‘armasi hajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Maqolada ikki tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida sanoat sohasi alohida ko‘rsatilgan. Minsk texnologiyalar transferini to‘liq taʼminlagan va zamonaviy ish o‘rinlarini yaratgan holda qo‘shma sanoat loyihalariga sarmoya kiritishga tayyor.

Shuningdek, maqolada xizmatlar industriyasi va turizm sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar ham alohida ajratib ko‘rsatilgan.

“Ushbu yo‘nalish ham xizmatlar, ham qo‘shma investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro manfaatli o‘sish uchun ulkan salohiyatga ega”, deya Belarus iqtisodiyot vazirining so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish