Misrning yetakchi OAV Toshkent, Samarqand va Termizda o‘tayotgan xalqaro forumni keng yoritmoqda
Iyul 08, 2026. 16:30 • 2 daq
• 141QOHIRA, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning markaziy nashrlari 7–11-iyul kunlari yurtimizning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” mavzusidagi birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, ushbu nufuzli anjumanni keng yoritish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan Misrning yirik va yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur tadbirga bag‘ishlangan ko‘plab materiallar tayyorladi.
Jumladan, “Al-Ahram”, “Al-Jumhuriya”, “MYENA”, “Al-Masri al-Youm”, “Masravi” kabi yetakchi OAVda O‘zbekistondagi xalqaro forumning ochilishiga bag‘ishlangan keng qamrovli materiallar eʼlon qilindi.
Maqolalarda O‘zbekiston zamini asrlar davomida islom ilm-fani va madaniyatining dunyodagi eng yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgani, bugungi kunda esa Yangi O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, buyuk ajdodlar merosini qayta tiklash va uni xalqaro maydonda targ‘ib etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida eʼtirof etilgan.
Nashrlarda forumning Toshkent shahrida boshlanib, islom olamida alohida maqomga ega bo‘lgan Samarqand va Termiz shaharlarida davom etishi ushbu tadbirning ilmiy va tarixiy qimmatini yana-da oshirishi taʼkidlangan.
Materiallarda xalqaro anjumanning asosiy maqsadi — dunyoda islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, global xavf-xatarlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat ekani batafsil bayon etilgan.
Misr ommaviy axborot vositalarining ushbu forumga bo‘lgan qiziqishi va tadbirni keng ko‘lamda yoritishi O‘zbekistonning islom dunyosidagi nufuzi ortib borayotgani hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar yangi bosqichga chiqqanining yaqqol namunasi bo‘lmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




