“SEE News”: Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik dasturiga aylangan
Noyabr 23, 2026. 19:00 • 3 daq
• 128
QOHIRA, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “SEE News” axborot portalida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti sho‘ba mudiri Bahodir Ismoilovning O‘zbekiston Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, 2023-yil 30-apreldagi referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatdagi demokratik islohotlarni mustahkamlab, ochiqlik va pragmatizm yo‘nalishini konstitutsiyaviy normaga aylantirdi.
Muallifning fikricha, Konstitutsiya strategiyaning o‘rnini bosmaydi, aksincha, unga mustahkam asos yaratadi, ya’ni xalqaro vaziyatda qanday o‘zgarishlar yuz bermasin, qaysi maqsadlar qat’iy va o‘zgarmas bo‘lib qolishini belgilab beradi.
Mamlakat tashqi siyosatida tinchlikparvarlik tamoyiliga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Konstitutsiyaning 18-moddasida ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosat, 17-moddasida davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar daxlsizligi hamda ichki ishlarga aralashmaslik qoidalari mustahkamlab qo‘yilgan.
Nashrda o‘n yillikning asosiy yutug‘i sifatida qarama-qarshilikka emas, balki muloqotga asoslangan mintaqaviy siyosat e’tirof etilgan. Konstitutsiya do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini uzoq muddatli strategik ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Bu suv-energetika muvozanati, ekologiya, transport bog‘liqligi, savdo va xavfsizlik masalalarini birgalikda hal etishga xizmat qiladi hamda hamkorlar uchun Toshkent siyosatining oldindan aniq va ravshan bo‘lishini kafolatlaydi.
Materialda xorijdagi fuqarolarning himoyasiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Davlat o‘z fuqarolariga mamlakat hududida ham, uning tashqarisida ham himoya va homiylikni kafolatlaydi. Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi muassasalar uchun bu har bir vatandoshning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish so‘zsiz ustuvor vazifa ekanini anglatadi.
Bahodir Ismoilovning qayd etishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchilik ambitsiyalari orqali emas, balki oldindan ko‘ra bilish mumkin bo‘lgan siyosat, o‘zaro ishonchni qo‘llab-quvvatlash va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini ilgari surish orqali mas’uliyatli “o‘rta kuch” (middle power) tizimiga intilmoqda.
Bunda “C5+” formatidagi platformalar alohida ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatiga bo‘lajak raisligi global bo‘linish sharoitida muloqotni saqlab qolishga qaratilgan ko‘p vektorli va bloklarga qo‘shilmaslik modelini mustahkamlash uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Muallif xulosa o‘rnida Konstitutsiya normalari amaliy natijalar — qo‘shnilar bilan tinch va ishonchli munosabatlar, yangi iqtisodiy imkoniyatlar, fuqarolar himoyasi hamda mamlakatning umumiy muammolarni bartaraf etishdagi faol ishtirokida o‘z aksini topsa, tashqi siyosat albatta muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’kidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi