Pokiston OAV: O‘zbekiston poytaxti 31-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga hozirlik ko‘rmoqda
Noyabr 23, 2026. 11:00 • 2 daq
• 23ISLOMOBOD, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi va “The World News” onlayn nashri bo‘lajak “Ipak yo‘lida turizm – TITF-2026” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga bag‘ishlangan axborot materiallarini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qayd etilishicha, mazkur yarmarkada dunyoning 20 mamlakatidan turizm yo‘nalishlari, turoperatorlar va aviakompaniyalar bir maydonda jamlanadi.
Tadbir O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Milliy PR-markaz, “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi hamda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UN Tourism) hamkorligida tashkil etiladi.
Ko‘rgazmada Belarus, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Latviya, Malayziya, Maldiv orollari, Niderlandiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Vetnam, Xitoy/Gonkong, O‘zbekiston va Chexiya kabi mamlakatlardan 300 dan ortiq kompaniya ishtirok etadi.
“Joriy yilgi yarmarkaning markaziy voqealaridan biri Xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘lib, u turizm sohasi vakillari, investorlar, biznes hamjamiyati hamda xalqaro hamkorlarni bir maydonda jamlaydi. TITF-2026-ekspozitsiyasida milliy turizm tashkilotlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar tarmoqlari, kurortlar va trevel-tech kompaniyalari o‘z xizmatlari va imkoniyatlarini namoyish etadi”, – deb xabar qilgan Pokiston OAV.
Asosiy e’tibor yangi sayyohlik yo‘nalishlari va marshrutlarini taqdim etish, xalqaro turistik aloqalarni mustahkamlash, madaniy, gastronomik va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, shuningdek, sayohatlarni yanada qulay va oson tashkil etishga xizmat qiluvchi raqamli yechimlarga qaratiladi.
Forum dasturidan turli mamlakatlar va O‘zbekiston hududlari taqdimotlari, B2B formatidagi uchrashuvlar, forumlar, soha ekspertlari ishtirokidagi panel munozaralari, hunarmandchilik ko‘rgazmasi hamda milliy taomlarning gastronomik taqdimotlari o‘rin olgan.
Maqolalarda yozilganidek, TITF – Markaziy Osiyo turizm sohasidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, davlat, biznes va xalqaro hamkorlar o‘rtasida muloqot olib borish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

