YUNЕSKO, YUNISЕF va IHTT dokladida O‘zbekiston tajribasi alohida e’tirof etildi

Noyabr 23, 2026. 10:00 • 3 daq

• 137
YUNЕSKO, YUNISЕF va IHTT dokladida O‘zbekiston tajribasi alohida e’tirof etildi

PARIJ, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. YUNЕSKO shtab-kvartirasida YUNЕSKO, YUNISЕF va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) hamkorligida tayyorlangan ilk bolalik davridagi ta’lim va tarbiyaga bag‘ishlangan doklad taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parij shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish borasida Markaziy Osiyoda eng salmoqli natijalarga erishgan davlatlardan biri sifatida alohida qayd etildi.

“Tenglik, inklyuzivlik va sifat uchun moliyalashtirish” deb nomlangan xalqaro dokladda O‘zbekiston tajribasi alohida mamlakat bo‘limida tahlil qilingan. Unda so‘nggi o‘n yillikda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrov sezilarli darajada oshgani ta’kidlangan.

Xususan, doklad ma’lumotlariga ko‘ra, maktabga chiqishdan bir yil oldin bolalarning tashkillashtirilgan ta’lim bilan qamrovi 2016-yildagi 28 foizdan 2024-yilda 84 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich daromadi o‘rtachadan past mamlakatlardagi o‘rtacha darajadan (77 foiz), daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar ko‘rsatkichidan (82 foiz) ham yuqoridir.

Mualliflar erishilgan natijalarni maktabgacha ta’lim sohasidagi institutsional islohotlar, davlat moliyalashtirishining kengaytirilishi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining joriy etilishi bilan bog‘laydi. Jumladan, xususiy va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaygani alohida e’tirof etilgan.

Dokladda keltirilishicha, 2017–2021-yillarda davlat-xususiy sheriklik va oilaviy nodavlat bog‘chalar bilan hamkorlik mexanizmlari 3–7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovini ikki barobar oshirishga xizmat qilgan. 

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun xususiy bog‘chalarda imtiyozli o‘rinlar ajratilishi ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlashning muhim vositasi sifatida ko‘rsatilgan.

Xalqaro hamkorlik ham ushbu natijalarga erishishda muhim o‘rin tutgan. Jahon banki, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi va boshqa nufuzli tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilgan loyihalar natijasida 3–7 yoshli 3 milliondan ortiq bolaning ta’lim olish imkoniyatlari kengaytirilgan.

Dokladda 2022-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan YUNЕSKOning Ilk bolalik davridagi ta’lim va tarbiya bo‘yicha Jahon konferensiyasi hamda uning yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasiga ham muhim o‘rin ajratilgan. Mazkur hujjat har bir bolaning erta yoshdan sifatli ta’lim va tarbiya olish huquqini ta’minlash, maktabgacha ta’limni moliyalashtirishni oshirish borasida xalqaro hamjamiyat uchun muhim yo‘nalishlarni belgilab bergan.

Uchta nufuzli xalqaro tashkilotning qo‘shma tahliliy dokladida O‘zbekiston tajribasining alohida o‘rin olishi mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosda o‘rganilayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish