Yaponiya matbuoti Rishtondagi “Noriko” yapon tili maktabi haqida yozmoqda

Noyabr 22, 2026. 12:30 • 2 daq

• 33
Yaponiya matbuoti Rishtondagi “Noriko” yapon tili maktabi haqida yozmoqda

TOKIO, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning oktyabr va noyabr oylarida Yaponiyaning sakkizta nufuzli gazetasi (“Kioto simbun”, “To-o Nippo”, “Nisi-Nippon”, “Tyunichi”, “Tyubu Keydzay”, “Xokkoku”, “Yamagata” va “Fuku”) sahifalarida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida faoliyat yuritayotgan bepul “Noriko” yapon tili maktabi hamda uning rahbari G‘anisher Nazirov haqida maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qariyb 27 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ushbu maktab ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida bu yerda 5 mingga yaqin yoshlar yapon tilini o‘rgangan bo‘lib, ularning 300 nafarga yaqini Yaponiyada tahsilni davom ettirgan. Bitiruvchilarning bir qismi yapon kompaniyalarida mehnat qilayotgan bo‘lsa, yana bir qismi O‘zbekistonda o‘z tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirmoqda.

Maktab tarixi 1999-yil 19-noyabrda Yaponiyaning “Komatsu” kompaniyasi muhandisi Sigekatsu Osaki tashabbusi bilan boshlangan. Farg‘ona vodiysiga xizmat safari chog‘ida mahalliy aholining mehmondo‘stligi va yoshlarning bilimga bo‘lgan chanqoqligidan ta’sirlangan Osaki nafaqaga chiqqach, turmush o‘rtog‘i Noriko bilan birgalikda o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan rafiqasining nomi bilan ataluvchi bepul maktab ochgan. Loyihaning dastlabki bosqichidan boshlab yapon tilini mustaqil o‘rgangan mahalliy ma’rifatparvar G‘anisher Nazirov unda faol ishtirok etib kelmoqda. 2005-yilda Sigekatsu Osaki vafot etgach, u ustozining xayrli ishini davom ettirib, maktabning asosiy tamoyili — bepul ta’lim berish an’anasini saqlab qoldi. O‘sha yili Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining kichik grantlar dasturi ko‘magida maktab hozirgi Yoshlar markazi binosiga ko‘chib o‘tdi.

Darslar asosan Yaponiyadan tashrif buyuradigan ko‘ngilli o‘qituvchilar (volontyorlar) tomonidan olib boriladi. Mashg‘ulotlarda til o‘rgatish bilan bir qatorda, o‘quvchilarda yapon xalqiga xos mehnatsevarlik, intizom, vaqtni qadrlash, kattalarga hurmat va mas’uliyat kabi fazilatlarga qiziqish uyg‘otiladi.

Yaponiya nashrlarida chop etilgan maqolalarda maktabga yanada ko‘proq ko‘ngilli o‘qituvchilarni jalb etish, muassasani zamonaviy darsliklar bilan ta’minlash, masofaviy hamkorlikni rivojlantirish, iqtidorli bitiruvchilar uchun stipendiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ustoz-shogird an’analarini kuchaytirish maqsadida bitiruvchilar hamjamiyatini tashkil etish takliflari ilgari surilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish