Pokiston OAV: O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik ishonchli va mustahkam ko‘prikka aylanmoqda
Yanvar 26, 2026. 10:30 • 3 daq
• 150ISLOMOBOD, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan”, “Diplomatice News Agency”, “Daily Independent”, “The Daily Spokesman”, “Pakistan In the World”, “Global News Pakistan”, “The Gulf Observer”, “Islamabad Post”, “Media Online Today”, “Diplomatic Affairs”, “CPEC News” kabi OAVda “O‘zbekiston – Pokiston: mintaqaviy barqarorlik va integratsiya sari strategik hamkorlik” sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda shu yil 23-yanvar kuni Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “O‘zbekiston–Pokiston: mintaqalar o‘rtasida ko‘priklar barpo etish orqali hamkorlikning yangi imkoniyatlarini yaratish” mavzusida muhim davra suhbati bo‘lib o‘tgani xabar qilingan.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga bo‘lajak davlat tashrifi arafasida tashkil etilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mazmunan boyitishga qaratilgan ekspertlik muloqoti uchun muhim maydon vazifasini bajardi, deyish mumkin.
“Geografik joylashuvi, iqtisodiy va madaniy salohiyatini hisobga olgan holda, O‘zbekiston va Pokiston bugun Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lmoqda, – deyiladi maqolada. – Mintaqaviy xavfsizlik va logistika arxitekturasi o‘zgarib borayotgan bir sharoitda, bu hamkorlik nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda ikki do‘st o‘lka munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2021-yilda strategik sheriklikning rasmiylashtirilishi ikki tomonlama aloqalarning sifat jihatidan yangi darajaga chiqqanidan dalolat beradi. Bugun bu hamkorlik faol siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi, investitsiyalar oqimining ortishi hamda madaniy-gumanitar almashinuvning faollashuvi bilan ajralib turmoqda”.
Ayniqsa, 2025-yil fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hamkorlikning yangi ufqlarini ochdi. Tashrif doirasida savdo, transport, fan va taʼlim, madaniyat hamda xavfsizlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab oldi.
Nashrlarda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida Karachida “UzbekPak International Trading Centre” savdo uyi va “UzbekPak Cultural Centre” madaniyat markazining ochilishi muhim institutsional qadam bo‘lgani maʼlum qilingan. Ushbu maydonlar nafaqat sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ilgari surish, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
“Transport va logistika sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston – Pokiston aloqalarining yana bir ustuvor yo‘nalishidir. “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” transafg‘on temir yo‘li loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik transport yo‘lagi sifatida katta salohiyatga ega. Toshkent va Karachi o‘rtasida aviayuk tashuvlarini rivojlantirish, jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ham amaliy ahamiyat kasb etmoqda”, – deya qayd etgan Pokiston OAV.
Maʼlum qilinishicha, davra suhbatida ana shu dolzarb masalalar muhokama qilinib, strategik sheriklikning yangi sifat bosqichiga oid yondashuvlarni ishlab chiqish hamda savdo, transport, taʼlim, fan, madaniyat va turizm sohalarida aniq tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Anjuman doirasida O‘zbekiston va Pokistonning tahliliy, ilmiy va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Maqolalar xulosasida “Davra suhbati doirasida oliy darajadagi muloqot kun tartibiga kiritish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, Pokistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik bugun ishonch, pragmatizm va umumiy manfaatlarga asoslangan mustahkam ko‘prikka aylanayotganini yakdil taʼkidladi”, – deb yozilgan maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



