Pokistondan Qoraqalpog‘istonga 200 bosh zotdor qoramol olib kelish bo‘yicha shartnoma imzolandi

Iyul 06, 2026. 15:30 • 2 daq

100
Pokistondan Qoraqalpog‘istonga 200 bosh zotdor qoramol olib kelish bo‘yicha shartnoma imzolandi

LAHOR, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonga xizmat safari doirasida “Abdin International Pvt. Ltd.” kompaniyasi bosh direktori Navaz Hassan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Lahor shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, kompaniyaga zotdor yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish va yem-xashak yetishtirish loyihalarini amalga oshirish maqsadida yer maydonlari ajratish taklifi bildirildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv chog‘ida pilot loyiha doirasida “Nukus Delisha” kompaniyasi bilan sheriklik asosida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Pokistondan 200 bosh zotdor yirik shoxli qoramolni O‘zbekistonga olib kelish hamda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya shartnomasi imzolandi.

Mazkur kelishuvlar Qoraqalpog‘istonda chorvachilik sohasining raqobatbardoshligini oshirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

2001 yilda tashkil etilgan “Abdin International Pvt. Ltd.” bugungi kunda Pokistonning yetakchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlariga eksport qilinadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish