Baxtiyor Saidov: Iordaniyani O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi muhim va ishonchli hamkori deb bilamiz
Iyul 06, 2026. 14:00 • 2 daq
• 12
TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Iordaniya Bosh vaziri Ayman Safadi bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Safadi janoblari bilan Toshkentda uchrashishdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston–Iordaniya keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildik.
Oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tashriflar hamda boshqa qo‘shma tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdik.
Ikki tomonlama muloqotlar va o‘zaro almashinuvlar faol tus olganini mamnuniyat bilan qayd etdik. Siyosiy muloqotlarni yana-da faollashtirish, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi yaqin muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladik.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi, taʼlim hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy qadamlarni belgilab oldik. Amman–Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilgani va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdik.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashdik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasidagi amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyorligimizni tasdiqladik.
Iordaniyani O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi muhim va ishonchli hamkori deb bilamiz hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish yo‘lida birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni izchil davom ettiramiz”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi