O‘zbekiston tanaffusdan so‘ng Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
Iyul 06, 2026. 16:00 • 2 daq
• 72AL-KUVAYT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Kuvayt kompaniyalar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlar savdosini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi yo‘lga qo‘yildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi ko‘magida mahalliy “Expo Orient Fruits” o‘zbek kompaniyasi tomonidan Kuvaytning “Star Fruit Co.” korxonasiga O‘zbekistondan 1 tonna hajmdagi ho‘l mevalar (o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, tarvuz va qovun) eksport qilindi.
Mazkur yetkazib berish ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini diversifikatsiya qilish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri sifatida qayd etildi.
Yaqin Sharqdagi mavjud logistikadagi murakkab vaziyat hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar mavjud emasligi sababli, mahsulotlar Kuvaytga O‘mon sultonligi orqali, “Oman Air” aviakompaniyasi ko‘magida tranzit yo‘li bilan yetkazib berildi. Eksport jarayonida sovutilgan tashish (cold chain) talablariga qatʼiy rioya etilgani mahsulotlarning sifati va yangi holda yetib borishini taʼminladi.
1991 yilda tashkil etilgan “Star Fruit Co” kompaniyasi Kuvaytdagi yirik restoranlar va besh yulduzli mehmonxonalarni yangi meva-sabzavotlar bilan uzluksiz taʼminlovchi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning bozordagi mavqei mahalliy import tarmog‘ida yuqori sifat va ishonchli taʼminot zanjiri bilan ajralib turadi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu hamkorlik O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining Fors ko‘rfazi bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi savdo kanallarini ochishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




