O‘zbekiston Prezidenti AQSh Prezidentini mamlakat mustaqilligining 250 yilligi bilan tabrikladi
Iyul 04, 2026. 18:50 • 2 daq
• 4
TOSHKENT, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampga milliy bayram – Mustaqillik kuni hamda mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning telegram-kanaliga tayanib.
“Sizga hamda do‘st Amerika xalqiga ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan eng samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni yo‘llashdan g‘oyat mamnunman.
Sizning dadil va shijoatli rahbarligingiz ostida AQSh iqtisodiy qudrati va taʼsirini yanada oshirib, global taraqqiyot hamda xavfsizlikni taʼminlashda muhim o‘rin tutmoqda, barcha davlatlar bilan amaliy hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda”, – deyiladi maktubda.
Prezidentimiz bunday ijobiy jarayonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani, o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan munosabatlar yangi mazmun bilan boyib borayotganini taʼkidladi.
Maktubda o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, muhim mineral resurslar va innovatsion kooperatsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanishi qayd etildi.
Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi muloqot va amaliy sheriklikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi. Noqonuniy migratsiya, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, narkotik vositalar noqonuniy aylanishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda birgalikdagi saʼy-harakatlarni kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari mintaqaviy va global formatlar, avvalo, “S5+1” platformasi, BMT hamda boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik Prezident Donald Trampning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
Shu o‘rinda Prezidentimiz joriy yil dekabr oyida Mayyami shahrida bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmalik” sammiti doirasidagi uchrashuvni katta qiziqish bilan kutayotganini taʼkidladi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi