Turkiya OAV: O‘zbek tili — butun turkiy dunyoning umumiy boyligi

Oktabr 30, 2026. 15:00 • 2 daq

• 137
Turkiya OAV: O‘zbek tili — butun turkiy dunyoning umumiy boyligi

ANQARA, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Anqara universitetining til, tarix va geografiya fakulteti bilan hamkorlikda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Xususan, “Haberler”, “24 Saat Gazetesi”, “Son Dakika”, “TRT Avaz”, “Ankara Masası”, “Habername”, “Türkinform”, “Ticari Hayat”, “Ülke TV” kabi qator nashrlar tegishli maqolalarni e’lon qildi. Shuningdek, Anqara universiteti rektori Nejdet Unuvar o‘zining “X” ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maxsus post qoldirdi.

Maqolalarda o‘zbek tilining turkiy dunyo uchun umummadaniy ahamiyati hamda ushbu tadbirning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti arafasida o‘tkazilgani ramziy ma’noga ega ekani alohida ta’kidlangan.

Anjumanda o‘zbek tilining tarixi va taraqqiyoti, turkiy xalqlarning til va madaniy aloqalari hamda o‘zbek tilini Turkiyada ommalashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Nejdet Unuvar O‘zbekistonga qilgan so‘nggi safari haqida gapirib, tillarimizning o‘ta yaqinligini urg‘uladi va o‘zbek tili yoqimli musiqa kabi jaranglashini qayd etdi. U keltirgan tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada uch hafta ichida turk tilini taxminan 70 foiz tushuna boshlaydi. U turkiyalik yoshlarni o‘zbek tilini o‘rganishga va O‘zbekistonga tashrif buyurishga chaqirdi.

Ilmiy sessiyada professorlar Aynur O‘z O‘zjan, Zaynabiddin Abdirashidov, Gulsum Killi Yilmaz va dots.nt Jon Tezich ma’ruza qildilar. Ular Mahmudxo‘ja Behbudiyning til borasidagi qarashlari, o‘zbek tilining ta’lim va fan tili sifatidagi o‘rni, shuningdek, Alisher Navoiy ijodining turkiy dunyo uchun ahamiyatini yoritib berdilar. Shu bilan birga, O‘zbekistonda davlat tili maqomini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Kecha she’rxonlik, skripka va doira sadolari ostidagi o‘zbek hamda qoraqalpoq qo‘shiqlari bilan yakunlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish