“AQSH–O‘zbekiston” qo‘shma investitsiya platformasi ishga tushirildi
Iyul 04, 2026. 12:00 • 2 daq
• 124
KIYEV, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va AQSH investitsiya hamda eksportni moliyalashtirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida “AQSH – O‘zbekiston” qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Ukrainaning “Open4business” va “Fixygen” axborot portallariga tayanib.
Yangi platforma O‘zbekiston, AQSH va ularning hamkorlari uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan strategik investitsiya loyihalarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida tashkil etilgan. Shuningdek, mazkur mexanizm eksportni moliyalashtirish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga xalqaro kapitalni jalb qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Energetika, infratuzilma, transport va logistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, farmatsevtika sanoati, shuningdek, muhim mineral resurslarni qidirish va o‘zlashtirish platforma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
Ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini mustahkamlash, barqaror energiya ta’minotini ta’minlash hamda zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan loyihalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Yangi mexanizm xususiy kapitalni safarbar qilish vositasiga aylanishi va istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun suveren farovonlik jamg‘armalari, xalqaro moliya institutlari, ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari hamda boshqa yirik investitsiya tashkilotlarini jalb qilish imkonini berishi kutilmoqda.
AQSH Xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasi (DFC) ma’lumotlariga ko‘ra, muhim mineral resurslarga bo‘lgan jahon talabining ortishi, ishonchli energiya ta’minotiga ehtiyojning kuchayishi hamda Transkaspiy transport yo‘lagi orqali savdo hajmining kengayishi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirmoqda.
DFC bosh direktori Ben Blekning ta’kidlashicha, platformaning ishga tushirilishi har ikki mamlakatning strategik manfaatlariga javob beradigan investitsiyalarni amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi mexanizm ta’minot zanjirlarini mustahkamlashga hamda AQSH va O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, tomonlar qator yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasini muhokama qilmoqda. Toshkentda yangi aeroport qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini barpo etish va raqamli bankni ishga tushirish istiqbolli yo‘nalishlar qatoriga kiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi