«The world News»: Jizzax viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Pokistonda
Fevral 17, 2026. 18:04 • 2 daq
• 147
ISLOMOBOD, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «The world News» elektron nashri Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi yakunlari haqida yozdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari jadal surʼatlarda rivojlanayotgan bir paytda, Islomobod shahrida o‘tkazilgan «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi mamlakatning sanoat salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydonga aylandi», – deyilgan maqola avvalida.
Taʼkidlanishicha, ko‘rgazmada Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi «BMB Holding» tarkibiga kiruvchi «BMB Za‘faron» va «BMB Impex» brendlariga alohida eʼtibor qaratgan. «Ushbu brendlar mahsulotlari Jizzax viloyatida yetishtirilgan xom ashyolar asosida ishlab chiqarilib, zamonaviy texnologiyalar yordamida chuqur qayta ishlanadi. Bu esa hududning sanoat salohiyatini, shuningdek, mahalliy xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan dasturlar samaradorligini yaqqol namoyon etadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan, zaʼfaronni qayta ishlash, saralash va qadoqlash jarayonlari xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu mahsulotlarning ekologik barqarorligi, yuqori sifati va eksport salohiyatini taʼminlaydi», – deya qayd etilgan manbada.
Shuningdek, maqolada, Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Pokiston biznes-forumi haqida ham maʼlumot berilgan va u ishbilarmonlik muzokaralari uchun muhim platforma vazifasini o‘tagani urg‘ulangan.
«Yirik pokistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda moliyaviy institutlar vakillari bilan o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar davomida istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Ushbu muzokaralar yetkazib berish hajmini kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoit yaratdi», – deb yozilgan «The world News» maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
