O‘zbekiston Yevropa bilan transport aloqalarini mustahkamlamoqda

Noyabr 14, 2026. 17:00 • 2 daq

• 195
O‘zbekiston Yevropa bilan transport aloqalarini mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Yevropa bilan transport aloqalarini mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Yevropa bilan transport aloqalarini mustahkamlamoqda

VARSHAVA, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning nufuzli elektron nashrlari — “Tanie-loty.com.pl”, “Pasazer.com” va “Pkb24.pl” portallarida O‘zbekiston va uning xalqaro aloqalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan qator maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Tanie-loty.com.pl” portalida chop etilgan maqolada Varshavaning Shopen nomidagi aeroporti va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovlarni yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, muntazam parvozlar 2027-yil 5-apreldan boshlab haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kuunlari amalga oshiriladi. Chiptalar savdosi allaqachon boshlab yuborilgan va bir haftalik safar uchun ikkala tomonga narxlar 2799 zlotiydan boshlanadi. Nashr Polsha fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishlari mumkinligini, shuningdek, Toshkentdan “Afrosiyob” tezyurar poyezdida Samarqandga ikki soatdan sal ko‘proq vaqt ichida borish mumkinligini alohida qayd etgan.

O‘z navbatida, “Pasazer.com” nashrida e’lon qilingan maqolada esa “Uzbekistan Airways” kompaniyasi Varshava aeroportidan slotlar olgani yoritilgan. 2027-yil 29-martdan boshlab yozgi mavsum jadvali asosida kompaniya “Airbus A321neo” havo kemalarida haftasiga ikki marta qatnovlarni amalga oshiradi. 2024-yildan beri Toshkentga asosan tungi vaqtda parvozlarni bajaruvchi Polshaning “LOT” aviakompaniyasidan farqli o‘laroq, o‘zbek tashuvchisi kunduzgi vaqtda xizmat ko‘rsatishi ta’kidlangan.

Shuningdek, “Pkb24.pl” portalining maqolasida polshalik o‘quvchilarga mamlakatimiz haqida batafsil ma’lumot berilgan. Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo aholisining 45 foizidan ortig‘i O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi va u sobiq Ittifoq davlatlari orasida aholi soni bo‘yicha Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Muallif 2016-yildan keyin boshlangan islohotlar, jumladan, valyuta kursining liberalizatsiyasi investitsiya muhitini o‘zgartirgani va qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilaganini e’tirof etgan. Maqolada O‘zbekiston muqobil savdo yo‘nalishlarining muhim bo‘g‘ini hamda Yevropa Ittifoqining istiqbolli hamkori sifatida ta’riflangan. Shuningdek, mamlakatning geografiyasi, tarixi va iqtisodiyoti, xususan, paxtachilik va tabiiy gaz sohalarining o‘rni yoritilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish