Ibrohim Mazlum: O‘zbekistonning iqlim bo‘yicha siyosati to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda
Noyabr 14, 2026. 15:00 • 3 daq
• 7
ANTALIYA, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi Marmara universiteti professori Ibrohim Mazlum “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 10–11-noyabr-kunlari Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim sammitidagi ishtiroki xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Ancha yillardan buyon O‘zbekiston va iqlim siyosatiga oid masalalar bilan shug‘ullanib kelaman. Marmara universiteti hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) o‘rtasida bitim imzolangan bo‘lib, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikda ish olib boryapmiz.
Shaxsan o‘zim O‘zbekistonda qariyb ikki yil yashab, iqlim o‘zgarishi sohasidagi siyosatni amalga oshirishning ikkita asosiy yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritdim. Shu sababli yurtingizni yaqindan bilaman va uni chin dildan yaxshi ko‘raman.
Bugungi kunda O‘zbekiston har jabhada muvaffaqiyat qozonmoqda. Hozirgi bosqichda mamlakatning iqlim bo‘yicha maqsadlari ham, qayta tiklanuvchi “yashil” energetika sohasidagi rejalari ham yuksak va qat’iydir. Shu ma’noda, O‘zbekistonning iqlim siyosati to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda, deya bemalol ayta olaman.
Bu jarayonda texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunchaki maqsadlarni belgilab olishning o‘zi yetarli emas, ularga erishish uchun O‘zbekistonga texnologik investitsiyalar jalb qilinishi lozim. Shu bois ham xalqaro tashkilotlar, ham biznes hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkam yo‘lga qo‘yish zarur.
Yetakchilar sammiti katta ahamiyatga ega. Kun tartibi belgilab olingach, ikki haftalik Tomonlar konferensiyasi (COP) jarayoni aynan davlat rahbarlari sammiti bilan boshlanadi. Davlat rahbarlarining o‘z mamlakatlari va olib borilayotgan siyosat haqida so‘zlagan nutqlarini eshitish juda muhim. Boisi, yakuniy natijalarga ko‘p jihatdan ularning qat’iyati hamda zimmalariga olgan majburiyatlari orqali erishiladi. Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalaga katta mas’uliyat bilan yondashayotganini kuzatib boryapman.
O‘zbekistonda haqiqatan ham iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarilmoqda. Masalan, ushbu mamlakatda ishlagan paytimda “Yashil makon” loyihasini o‘rgandim, Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash va jonlantirish borasidagi ishlarni kuzatdim.
Shu bois mamlakatingizda muhim ishlar qilinayotganini yaxshi bilaman hamda yangi tashabbuslar ham muvaffaqiyatli amalga oshishiga ishonaman. O‘zbekiston ham xalq, ham jamiyat, ham davlat boshqaruvi tizimi sifatida iqlim o‘zgarishi masalasiga nihoyatda jiddiy yondashmoqda.
Butun O‘zbekiston ahliga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Yetakchilarimiz belgilab bergan yo‘nalishda izchil ishlashda davom etishimiz va kelajak avlodlarga yashash uchun tinch va musaffo olamni meros qoldirishimiz lozim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi