Pokistonda O‘zbekistonning turistik va madaniy merosiga bag‘ishlangan kitob-albom nashr etildi

Noyabr 01, 2026. 12:30 • 2 daq

• 103
Pokistonda O‘zbekistonning turistik va madaniy merosiga bag‘ishlangan kitob-albom nashr etildi

ISLOMOBOD, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonda yurtimizning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniy merosi va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston suratlarda: 14 hudud bo‘ylab sayohat” (“Uzbekistan in Photos: A Journey Through the 14 Regions”) nomli kitob-albom nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Loyiha O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning barcha 14 ta hududining tarixiy-madaniy merosi, noyob tabiati, qadimiy shaharlari va zamonaviy turistik imkoniyatlari bilan pokistonlik keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida amalga oshirildi. 181 betdan iborat mazkur nashr 600 nusxada chop etildi.

Kitobda Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlar, ularning arxitektura yodgorliklari, qadimiy madrasalar, masjidlar va maqbaralar aks etgan fotosuratlar o‘rin olgan.

Shuningdek, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, mutafakkirlar va davlat arboblarining hayoti hamda merosiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi siymolar haqida ma’lumotlar berilgan.

Nashrda tarixiy meros bilan birgalikda O‘zbekistonning zamonaviy sayyohlik imkoniyatlari, jumladan, ziyorat, eko, gastronomik va etnografik turizm yo‘nalishlari, shuningdek, sayyohlar uchun yaratilgan infratuzilma keng yoritilgan.

Kitobdan Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi yangilangan Imom Buxoriy majmuasi aks ettirilgan suratlar ham joy oldi. Bu ma’lumotlar pokistonlik o‘quvchilarga mamlakatimizning ham qadimiy merosi, ham bugungi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Yangi nashr ko‘rgazmalar, taqdimotlar, turistik roud-shoular, forumlar va ishbilarmonlik uchrashuvlarida namoyish etiladi, shuningdek, Pokistonning davlat tashkilotlari, sayyohlik kompaniyalari, OAV va keng jamoatchilik vakillari o‘rtasida tarqatiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish