Anqarada “Mirziyoyev doktrinasi: global beqarorlik davridagi imkoniyatlar diplomatiyasi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Noyabr 01, 2026. 13:00 • 2 daq
• 158ANQARA, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiya poytaxtida “Mirziyoyev doktrinasi: global beqarorlik davridagi imkoniyatlar diplomatiyasi” kitobining turk tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Turkiya Prezidenti Administratsiyasining Jamoatchilik bilan aloqalar departamenti, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) hamda O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda turkiyalik olimlar, siyosatshunoslar, ekspertlar, rasmiy doiralar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Shuhratjon Yigitaliyev turk tilida ma’ruza qilib, asarning asosiy g‘oyasi va ilmiy-amaliy ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston islohotlari, mamlakatning taraqqiyot modeli va tashqi siyosat strategiyasi yaxlit siyosiy-falsafiy yondashuv asosida tahlil qilingan.
Asarda ochiqlik, pragmatizm, inson manfaatlari ustuvorligi, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro sheriklik kabi tamoyillarga alohida e’tibor qaratilgan.
Tadbir ishtirokchilari ushbu kitob so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda yuz bergan o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini anglash, ularning g‘oyaviy asoslari va uzoq muddatli strategik maqsadlarini yaxlit holda tushunish uchun muhim manba ekanini ta’kidladi.
Taqdimot davomida kitob nafaqat O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo‘lini o‘rganuvchilar, balki xalqaro munosabatlar, diplomatiya va mintaqaviy hamkorlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun ham ahamiyatli ekani qayd etildi.
Anjuman davomida kitob taqdimotlarini Turkiyaning boshqa shaharlarida ham tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur tadbir Turkiyaning nufuzli “Anadolu” axborot agentligi tomonidan keng yoritilib, taqdimotga oid xabarlar turkiy dunyo axborot makonida tarqatildi.
Anqaradagi taqdimot O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik siyosiy va iqtisodiy sohalar bilan bir qatorda, ilmiy-intellektual yo‘nalishda ham rivojlanayotganini namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




