O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda Andijonda iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlashning ustuvor vazifalari belgilandi

Sentabr 24, 2026. 15:55 • 7 daq

72
O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda Andijonda iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlashning ustuvor vazifalari belgilandi

TOSHKЕNT, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga to‘xtalib, joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot 8,8 foizga o‘sganini qayd etdi. Sanoat, xizmatlar va investitsiyalarda ham ijobiy sur’atlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, eng muhim mezon bu ko‘rsatkichlar har bir oilaning kundalik hayotida qanday aks etayotgani ekani ta’kidlandi.

Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, shakllangan sanoat maktabi va katta bozor mavjud. So‘nggi yillarda viloyatga ajratilayotgan budjet mablag‘lari va kredit resurslari sezilarli ko‘paydi, mahalliy rahbarlarga keng vakolatlar berildi. Endi ushbu imkoniyatlarni yuqori daromadli ish o‘rinlari va aholi farovonligiga aylantirish talab etiladi.

Yig‘ilishda, avvalo, investitsiyalarning sifati va samaradorligini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydonda 7 milliard dollar investitsiya hisobiga kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, sarmoyalarning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani, axborot texnologiyalari va tadqiqot yo‘nalishlariga investitsiyalar kam jalb etilayotgani ta’kidlandi. Viloyatda malakali kadrlar va eksport imkoniyatlari mavjud bo‘lgan sohalarning texnologik bazasini mustahkamlash zarurligi bildirildi.

Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha to‘plangan tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish vazifasi qo‘yildi. “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

To‘qimachilikda ham mavjud quvvatlardan yuqori samara bilan foydalanish, xorijlik dizayner, konstruktor va brendlarni jalb etib, qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish zarur. Investitsiya natijadorligi har bir kvadrat metr maydonda yaratilgan qo‘shilgan qiymat bilan baholanishi belgilandi.

Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida boshqa hududlarda ham loyihalar menejeri lavozimlari joriy etiladi. Andijondagi menejer viloyatning yangi investitsiya modelini shakllantirishga mas’ul bo‘ladi. Tumanlarning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanib, yuqori samara beradigan yo‘nalishlarga sarmoya jalb qilish rejasi ishlab chiqiladi.

Yirik korxonalar faoliyatini kengaytirish va ularni texnologik modernizatsiya qilish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish choralari ko‘riladi. Kelgusi yil viloyatda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq aholisi daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan maydonlar hamda dala chetlaridan samarali foydalanish orqali chorvachilikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Baliqchidagi tovuq go‘shti yetishtirish kompleksi tajribasi asosida Jalaquduq va Xo‘jaobodda yangi parrandachilik loyihalari boshlanadi. Ulug‘norda baliqchilik klasteri tashkil etiladi.

Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish uchun alohida “Agrostar” kompaniyasi tashkil etiladi. Bahorgacha 4-5 ming gektar maydonga suv chiqarib, sanoatlashgan bog‘lar barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarishlanib, aholiga tayyor holda taklif qilinadi.

Meva-sabzavotchilikda “gektardan – maksimal qiymat” tamoyiliga o‘tish belgilandi. Aholiga kichik qayta ishlash uskunalari lizingga berilib, tuman brendlarini yaratish rag‘batlantiriladi. Natijada yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash ulushini 30 foizga, eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoni bor. Baliqchidagi issiqxona loyihasi tajribasi respublika bo‘ylab ommalashtiriladi.

Tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha ko‘mak choralari belgilandi.

Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million so‘mdan subsidiya oladi. Tayyor mahsulot eksportchilarining kredit foizlari bir qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar kiritish topshirildi. Marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining bir qismini qaytarish yuzasidan ham takliflar tayyorlanadi.

Ko‘p ish o‘rni yaratayotgan sanoat korxonalari alohida rag‘batlantiriladi. Kamida ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarda xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va ishga olib kelish hamda olib ketish xarajatlarining yarmi kompensatsiya qilinadi. Kamida besh yil ishlagan xodimlarga farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi. Ish o‘rinlari soni mingtaga yaqinlashayotgan korxonalar uchun ham grantlar ajratiladi.

Sanoatdagi yangi loyihalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Andijonni Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Viloyat oliygohlari va texnikumlarining salohiyatini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.

Andijon texnika instituti faoliyati transformatsiya qilinadi. Xorijlik menejer va professor-o‘qituvchilar jalb etilib, ta’lim dasturlari yangilanadi. Institutda alohida dizaynerlik fakulteti ochilib, dual ta’lim asosida sanoat korxonalariga biriktiriladi.

O‘sib borayotgan sanoatni energiya bilan ta’minlashda viloyatning daryo va kanallari katta zaxira ekani ta’kidlandi. Andijonning gidroenergetika salohiyati 200 megavattni tashkil etadi. Kichik va mikro GESlar qurishga tadbirkorlar qiziqishi yuqori, ular uchun turbinalar ishlab chiqarish ham viloyatning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan.

Ikki yillik dastur asosida mikro GESlarni tayyor holda qurib, tadbirkorlarga lizingga berish, qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Aholining zamonaviy xizmatlarga o‘sib borayotgan talabidan kelib chiqib, savdo va servis uchun yangi maydonlar yaratiladi. Davlat tashkilotlarini Bobur shahriga ko‘chirish hisobiga bo‘shaydigan binolar va yerlar shu maqsadga yo‘naltiriladi. Bu qo‘shimcha investitsiyalar va minglab ish o‘rinlari uchun imkoniyat ochadi.

Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa markazlari va Xonobod shahrini ham yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish belgilandi. Ularning bosh rejalari savdo va xizmatlarni rivojlantirish loyihalariga moslashtiriladi.

Tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish banklar faoliyatiga ham yangicha yondashuvni talab qilishi ta’kidlandi. Davlat banklari an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanmasdan, mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida ishlashi zarur.

Endi real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi. Kichik tadbirkorlarning yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi. 500 million so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi, mablag‘ pul oqimiga qarab ajratiladi. Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.

Soliq idoralari ham tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlashga ko‘maklashishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Daromadi yoki ish o‘rni kamaygan korxonalar muammosi mahallaning o‘zida o‘rganiladi. Soliq xodimi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri birgalikda soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksportga ko‘maklashish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Viloyatning transport va logistika imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li orqali yuk oqimi oshishini hisobga olib, Qo‘rg‘ontepa va Xonobodda 600 million dollarlik logistika kompleksi loyihasi boshlanadi. Qirg‘iziston bilan kelishilgan “Keskanyor” chegara postini qurish yuk tashish hajmini oshirish va muddatini qisqartirishga xizmat qiladi.

Yangi transport oqimiga mos ravishda “Xonobod – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini loyihalashga kirishiladi. Shu oydan “Toshkent – Andijon” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti olti soatdan to‘rt soatga qisqargani qayd etildi. Kelgusi yil ushbu yo‘nalishda pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.

Aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish masalalari muhokama qilinib, Bobur shahridagi uylarga 25 ming aholi ko‘chib o‘tgani, yana 200 ming kishiga mo‘ljallangan uy-joylar qurilishi boshlangani ta’kidlandi.

Yangi shaharda savdo, biznes, mehmonxona, xususiy ta’lim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etadigan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday obyektlarda investitsiyaning qaytish muddati uzoqligini hisobga olib, yerning boshlang‘ich narxini uy-joy qurilishiga nisbatan ikki barobar arzon belgilashga rozilik bildirildi.

Andijon shahrida yangi yo‘lo‘tkazgichlar qurish, Asaka tumani markazini aylanib o‘tuvchi ko‘prikni ishga tushirish rejalari belgilandi. Ichimlik suv va kanalizatsiya tizimlarini yangilash ham davom ettiriladi. Xonobod – Andijon magistral quvurining ikkinchi tarmog‘i qurilishi bir million aholining suv ta’minotini yaxshilaydi. Andijon shahrida kanalizatsiya tarmoqlari yangilanib, Oltinko‘ldagi oqova suv tozalash inshooti quvvati oshiriladi.

Xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Farzandini bog‘chaga joylashtira olmagani uchun ishga chiqa olmayotgan ayollarga sharoit yaratish maqsadida yangi oilaviy bog‘chalarni ochish masalasini tezlashtirish topshirildi. Viloyatda ayollarni ish bilan ta’minlash uchun 20 million dollarlik alohida jamg‘arma tashkil etiladi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish belgilandi. Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi. Sun’iy intellekt yordamida huquqbuzarliklar va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralari ko‘riladi. Aholining kiberhujumlardan himoyalanish bo‘yicha bilimlari oshiriladi.

Davlatimiz rahbari mahallalar obodligi har bir insonning mehnati va daxldorligi bilan yaratilishini ta’kidladi. Kelgusi yil Andijonda 100 ta mahallaga “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni olib kirish rejasini tayyorlash topshirildi.

Yakunda mutasaddilarning axboroti tinglandi, andijonliklar bilan muloqot qilindi.

Shu bilan Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish