O‘zbekiston va Polsha davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashinuvini kengaytirmoqda
Iyul 25, 2026. 11:00 • 2 daq
• 88
VARSHAVA, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Polshaning Milliy davlat boshqaruvi maktabi (KSAP) vakillari o‘rtasida hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur muloqot O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda diplomatik vakolatxona vakillari, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining Xalqaro aloqalar va grantlar bo‘limi boshlig‘i Fuzayl Maxmudov, KSAP direktori Malgojata Bivanis-Yodlinska hamda taʼlim muassasasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tomonlar o‘z muassasalari faoliyati, taʼlim dasturlari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari va davlat xizmatchilari malakasini oshirish sohasida to‘plangan tajriba yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish, qo‘shma taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda tinglovchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar davlat boshqaruvi sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlab, aniq amaliy tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi